Buxoro viloyatining Olot tumanida qiz uzatdi to`y marosimi karantin qoidalariga zid ravishda o`tkazilganligi aniqlandi. Bu haqda «O`zbekiston24» telekanalida xabar qilindi.
Aholi ehtiyojlarini inobatga olgan holda Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko`ra karantin qoidalarini yumshatilishi bilan to`y va marosimlarga ruxsat etilgan edi. Bunda mehmonlar soni 30 nafardan oshmasligi va marosimlar xonadonlarda o`tkazilishi qat`iy belgilab qo`yilgan.
Ma`lum bo`lishicha, Buxoro viloyati Olot tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlari tomonidan o`rganishlar jarayonida tumandagi xonadonlarning birida qiz uzatdi to`y marosimida 150 kishi ishtirok etgani aniqlangan.
Olot tumani IIB profilaktika inspektori Qandiyor Ro`zievning aytishicha, bu bilan fuqaro amaldagi karantin talablarini buzib, kasallikni aholi orasida tarqalishiga sharoit yaratib bergan.
«Ertalab oila boshliqlaridan to`yni karantin normalariga monand o`tkazish bo`yicha tilxat olingan. Kechki payt borib tekshirganimizda to`yxonada 150 nafardan ortiq fuqaro bo`lganligi sababli ma`muriy bayonnoma tuzildi», – dedi inspektor.
Huquqbuzar fuqaroga nisbatan «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risida»gi qonuning aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risidagi qonun 39-moddasi – hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik moddasi va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 54-moddasi – epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish moddasi ikkinchi qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, unga shu modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari ya`ni 4 million 460 ming so`m jarima jazosi tayinlangan.
To`y egasi karantin qoidalarini qaytib buzmaslikka so`z bergan.






