“O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o`tash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" telegram kanalida xabar berildi.
Qonun bilan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan o`zgarishlarga ko`ra, Qurolli Kuchlarda serjant harbiy unvoni o`rniga quyidagilar joriy etildi:
III darajali serjant;
II darajali serjant;
I darajali serjant.
Qonun bilan serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarni harbiy unvondan nojo`ya xatti-harakatlar sodir etilganligi uchun boshqa intizomiy jazo choralari etarli bo`lmagan taqdirda, sudning yoki vazirlik va idoralar rahbarlarining qaroriga ko`ra mahrum etish mumkinligi belgilandi.
Shu bilan birga, harbiy kiyimda yurish qoidalari harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar, davlat qo`mitalari va idoralarning rahbarlari tomonidan belgilanishi ko`zda tutildi. (ilgari Mudofaa vazirligi vakolatida bo`lgan)
Shuningdek, Qonun bilan harbiy xizmatga qabul qilish va harbiy xizmatdan bo`shatish mezonlari aniq belgilab berildi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






