AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Telegram va WhatsApp foydalanuvchilari firibgarlar “o`lja”siga aylanyapti

'O`zbekistonda Telegram va WhatsApp foydalanuvchilari firibgarlar “o`lja”siga aylanyapti'ning rasmi

O`zbekiston hamda MDH davlatlarida Telegram yoki WhatsApp messenjerlari orqali firibgarlar tomonidan internet foydalanuvchilari mablag`larini o`zlashtirish holatlari kuzatilgan. Bu haqda "O`zkomnazorat" xabar bermoqda. 

Bunda firibgarlar Google, Apple, Facebook kabi mashxur kompaniyalarning logotiplaridan foydalangan holda turli guruhlarda yangi foydali aksiyalar haqida e`lon joylashtirmoqda va ushbu e`longa zararli havola yoki yuklab olish talab qilinadigan fayllarni qo`shib qo`ymoqda.

Foydalanuvchi o`zi bilmagan holda ushbu zararli faylni yuklab olishi oqibatida, uning shaxsiy ma`lumotlari, bank kartasining raqami, hisob raqami, tug`ilgan sanasi va parollari firibgarlar ixtiyoriga o`tib qolishi mumkin.

Shuningdek, messenjerlardagi o`zaro muloqotlarda notanish suhbatdosh ko`pincha xabarni boshqa tanishlarga ham yuborishni, ilova yoki emodzini yangilashni tavsiya qiladi.

Ekspertlarning qayd etishicha, xabarni boshqalarga ulashgan foydalanuvchi firibgarlikka bilib-bilmay sherik bo`lib qoladi. Bundan tashqari, bu kabi xabarlarda “fishing” saytlari manzili ko`rsatiladi va ularga kirib qolgan foydalanuvchi zararli virusni yuklab olishi va bu uning qurilmasidagi shaxsiy ma`lumotlarning, elektron hisobidagi mablag`larining o`g`irlanishiga olib kelishi mumkin.

Bunday salbiy holatlarni oldini olish maqsadida messenjerlarda mediafayllarni avtomatik ravishda yuklab olish funksiyasini o`chirib qo`yish, begona akkauntlardan kelgan e`lonlarga, turli yolg`on xabarlarga ishonmaslik tavsiya qilinadi. 

O`zbekistonda ham Telegram orqali real odam nomidan qalbaki akkaunt ochib, haqiqiy profil egasining tanishlaridan pul so`rash, ulardan moddiy yordam olishga urinish holatlari kuzatilgan. “Tanishi”dan tong saharda yoki yarim tunda og`ir ahvolda qolgani haqida xabar olgan foydalanuvchilarga begona odamning karta raqami yuboriladi. Muammo nimada ekanini tushunmagan foydalanuvchi do`stiga yordam qilaman deb, firibgarlarga aldanib qolishi mumkin.

“O`zkomnazorat” davlat inspeksiyasi internet foydalanuvchilaridan ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi holatlar kuzatilganida qaror chiqarishga shoshilmaslik, e`tiborli bo`lish, messenjerlardagi akkauntlari orqali axborot almashinuvida xavfsizlik talablariga rioya qilishga chaqiradi.

    Boshqa yangiliklar