Maktablarda pandemiya sharoitida o`quv yilini boshlash bo`yicha qaror loyihasi tayyorlandi.
Sog`liqni saqlash vazirligi Xalq ta`limi vazirligi bilan hamkorlikda pandemiya sharoitida ta`lim muassasalarida 2020-2021 o`quv yilini tashkil etishda amalga oshiriladigan tadbirlar to`g`risida qo`shma qaror loyihasini ishlab chiqdi.
BMTning bolalar jamg`armasi (YuNISEF) tavsiyalari asosida yaratilgan ushbu qaror loyihasida «COVID-19» pandemiyasi davrida xalq ta`limi tizimidagi muassasalar ma`muriyati, tibbiyot xodimlari, pedagoglar, texnik xodimlar, o`quvchilar va ularning ota-onalari uchun alohida tavsiyalar aks etgan. Unga ko`ra:
Maktab rahbarlariga:
🔹maktablarda sanitariya qoidalariga rioya qilish, jumladan, qo`llarni muntazam ravishda yuvish jadvalini tuzish, qo`l yuvish joylarini hozirlash hamda ularni sovun va suv, shuningdek, ichimlik suvi bilan ta`minlash;
🔹maktab tasarrufidagi o`quv va maishiy binolarga kirib-chiqishda dezinfeksiya vositalarini joylashtirish, sinfxonalar sharoitini o`quvchilar orasida masofa saqlanishiga moslab qayta ko`rib chiqish;
🔹maktablarda “ertalabki filtrlar” va “izolyasiya” xonalari tashkil etish va boshqa vazifalar;
Pedagoglarga:
🔹maktablarda gigiena ko`nikmalarini va sog`lom turmush tarzi qoidalarini doimo targ`ib qilish;
🔹sinf xonalari, suv va sanitariya inshootlarini muntazam tozalash va dezinfeksiyalash, o`quvchilarning doimiy ravishda qo`llarni yuvib turishi, masofa saqlashi va shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilishini nazorat qilish;
🔹xonalarni shamollatish va dezinfeksiyalash kabi choralar hamma uchun foyda ekanligini o`quvchilarga va ularning ota-onalariga qaratilgan qisqa-qisqa suhbatlar orqali tushuntirish va boshqa vazifalar;
Tibbiyot xodimlariga:
🔹“ertalabki filtrlar” ishlarini va kasallik aniqlanganda bemorni zudlik bilan izolyasiyalashni tashkillashtirishda ko`mak berish;
🔹dezinfeksiya vositalarini tayyorlashda maktab xodimlariga ko`rsatmalar berish;
🔹ma`muriyat ko`magi bilan o`quvchilar va maktab xodimlarining tibbiy bilim va madaniyatini oshirishda ishtirok etish kabi vazifalar;
Texnik xodimlarga:
🔹suv, sovun va yuvish vositalaridan foydalangan holda har kuni 3 marta nam tozalashni va Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda kuniga 1 marta va haftada kamida bir marta umumiy tozalashni amalga oshirish;
🔹dezinfeksiyalash vositalari va yuvish vositalarini hamda ularning ishchi eritmalarini o`quvchilar qo`li etmaydigan joyda saqlash va ularni infeksion xavfsizligiga javobgar bo`lish va boshqa vazifalar;
Ota-onalarga:
farzandlariga gigiena qoidalarini o`rgatish;
ta`lim muassasasi ma`muriyati va pedagoglari bilan ma`lumot almashish maqsadida doimiy muloqotda bo`lib, maktab xavfsizligini ta`minlashga ko`maklashish va boshqa vazifalar yuklatitishi ko`zda tutilmoqda.
Qo`shma qaror loyihasi bilan Sog`liqni saqlash vazirligi rasmiy veb-sayti — da batafsil tanishish mumkin.
Loyiha yuzasidan fikr va mulohazalar Shtab@minzdrav.uz elektron manzilida qabul qilinadi.






