AsosiyJamiyat

Yangi o`quv yilida maktablar qanday sanitariya talablari asosida faoliyat yuritishi belgilab berildi

'Yangi o`quv yilida maktablar qanday sanitariya talablari asosida faoliyat yuritishi belgilab berildi'ning rasmi

“O`zbekiston Respublikasida  COVID-19 pandemiyasi davrida umumiy o`rta ta`lim maktablari va o`rta maxsus maktab internatlarining faoliyatini tashkillashtirish bo`yicha vaqtinchalik sanitariya-epidemiologik talablar” Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o`tkazildi va hisobga olindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanalida ma`lum qilindi.

Mazkur hujjat COVID-19 pandemiyasi davrida mulkchilik shaklidan qat`iy nazar, barcha umumta`lim maktablari va maxsus maktab internatlarning xavfsiz ish muhitini ta`minlashga qaratilgan ish faoliyatiga tatbiq etiladi.

Hujjatda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

* mashg`ulotlarni soat 8:00 dan so`ng boshlash va 17.30 dan kechiktirmasdan tugatish tavsiya etiladi, mashg`ulotlar uch smenada tashkillashtirilishi mumkin;

* pandemiya davrida ommaviy tadbirlar (yig`ilishlar, konsertlar, tug`ilgan kunlar va shu kabilar) o`tkazish vaqtincha to`xtatiladi;

* barcha bolalar va ularning qonuniy vakillari niqoblarda kelishlari shart;

* maktabga kirishdan avval, maktabning tibbiy xodimlari/mas`ul xodimlari tomonidan “ertalabki filtrlash” bo`yicha maxsus punkt tashkil etilib, tegishi jurnal yuritiladi;

* “ertalabki filtrlash” jarayonidan so`ng, o`quvchilar kirish joylarida o`rnatilgan maxsus dispenserdan antiseptik vosita yordamida qo`llarini zararsizlantiradilar;

* niqob/respiratorsiz maktabga kirishiga ruxsat berilmaydi. Bunda, niqob kamida har 3 soatda, respiratorlar kamida xar 8 soatda o`zgartirilishi lozim;

* sinflarda har bir o`quvchiga 2 m² dan kam bo`lmagan maydon bo`lishi talab etiladi;

* pandemiya paytida maktab oshxonalari o`z ishini amaldagi sanitariya me`yorlari va qoidalari talablariga rioya qilingan holda tashkil etadi;

* yuqumli kasalliklar belgilari bo`lgan o`quvchilar/maktab xodimlari ushbu belgilar aniqlangan vaqtdan boshlab tez yordam guruhi yoki ota-onalar (qonuniy vakil) kelguniga qadar zudlik bilan izolyasiya qilinishlari shart.

 Eslatib o`tamiz, avvalroq pandemiya davrida bog`chalarga qo`yiladigan sanitariya talablari Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o`tkazilib, hisobga olingan edi.

    Boshqa yangiliklar