O`tayotgan har bir kun, har bir soat bizni muqaddas Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligiga tobora yaqinlashtirmoqda.
Muazzam istiqlol ayyomining joriy yilda “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O`zbekiston!”, degan shior ostida nishonlanayotgani zamirida esa o`ziga ma`no-mohiyat mujassamdir. Zotan, inson ozod va hur vatansiz haqiqiy qudrat manbaidan mosuvodir, saodatdan benasibdir.
Binobarin, mustqillikning O`zbekiston va uning xalqi uchun qadru qimmatini, ahamiyatini hech bir narsa bilan o`lchab bo`lmaydi.
Ayniqsa, ajdodlari o`zining aqlu zakovati, bunyodkorligi va betakror salohiyati bilan dunyo tamadduniga ulkan hissa qo`shgan, biroq, ma`lum muddat erksizlik iskanjasida kun ko`rgan o`zbek xalqi uchun hurriyatning qadri bebahodir.
Qolaversa, minglab millat va elat istiqomat qiladigan dunyoda o`z bayrog`i va boshqa ramzlariga ega suveren davlatlar soni 200 ta atrofidadir. Ana shu davlatlar qatorida buyuk o`tmish va yorug` kelajak sohibi bo`lgan O`zbekistonning ham borligi barchamiz uchun haqiqiy saodatdir.
Albatta, bunday baxtga erishish oson bo`lmaginini yaxshi his etamiz. Asrlar davomida ozodlik uchun kechgan kurashlarda elimiz ko`plab eng sara farzandlaridan judo bo`ldi.
Nihoyat, xalqimizning matonati va qat`iyati samarasi o`laroq qo`lga kiritilgan mustaqillik 1991 yilning 31 avgustida Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug`anievich Karimov tomonidan e`lon qilindi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev ta`biri bilan aytganda, bugun bir haqiqatni katta g`urur va iftixor bilan aytishga to`la asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va og`ir sinovlarga duch kelmasin, o`zining mustahkam irodasini namoyon etib, o`zi tanlab olgan mustaqillik yo`liga doimo sodiq bo`lib kelmoqda.
Darhaqiqat, mustaqillikni qo`lga kiritish qanchalik mashaqqatli va og`ir bo`lsa, uni asrash va mustahkamlash ham shunchalik murakkab, uzluksiz kechadigan, matonat talab etadigan va albatta, sharafli bir jarayondir.
Xalqimizning bu yo`ldan sobitqadamlik bilan borayotgani, yurtimiz istiqbolning yangi ufqlarini zabt etayotgani esa, barchamiz uchun faxru iftixordir.
Ayniqsa, Davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan va O`zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi sifatida dunyo miqyosida tan olinayotgan hozirgi davr mustaqillikni mustahkamlash sari qo`yilgan eng ulkan qadamlar davridir. Zotan, bu davr O`zbekistonni butunlay o`zgartirdi, mamlakatimizni yangi, demokratik qiyofada jahonga tanitdi.
Eng muhimi, ushbu davrda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash davlat siyosatining bosh mezoni etib belgilandi.
Natijada taraqqiyot yo`lining to`g`ri tanlangani va xalqimizning fidokorona mehnatlari evaziga hatto bugungi og`ir va sinovli damlarda ham jamiyatda barqarorlik, tinchlik, osoyishtalik va ijtimoiy-iqtisodiy o`sish ta`minlanmoqda.
Prezidentimizning koronavirus infeksiyasi ta`sirini yumshatishga qaratilgan o`nlab farmon va qarorlari asosida pandemiyaga va iqtisodiy inqirozga qarshi kurashish uchun qariyb 50 trln. so`m mablag`ning turli sohalarga yo`naltirilgani va buning natijasida O`zbekiston pandemiyaning asoratlarini jiddiy talofotlarsiz o`tkazayotganining o`ziyoq fikrimiz dalilidir.
Yana bir jihat shundaki, pandemiya sharoitida biron-bir muhtoj oila yoki fuqaro davlat e`tiboridan chetda qolayotgani yo`q.
Ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash maqsadida ajratilayotgan mablag`lar hajmi, ular a`zolarini ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb etish kabi keng ko`lamli ishlardan jamoatchilik muntazam xabardor qilib borilmoqda.
Ana shu jihatlarning o`zi ham qiyinchiliklarga qaramasdan, O`zbekiston davlati va xalqi hamjihatlikda ezgu maqsadlar sari sobit borayotganini ko`rsatib turibdi.
Albatta, davlat va jamiyat hayotida erishilayotgan yutuqlar, dolzarb masalalar, muammolar haqida deyarli har daqiqada ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik muntazam xabar topib bormoqda
va shu bois, ularni eslatishga hojat yo`q.
Darvoqe, bu jihat ham yangi davr samarasidir. Zero, ochiqlik va oshkoralik, muammolarni baralla aytish, fuqarolarning ba`zida og`ir, biroq, haqli savol hamda e`tirozlariga yuzma-yuz javob berish taraqqiyotimiz yangi bosqichida hayot tarzimiz va faoliyatimiz mezoniga aylanib ulgurdi.
Eng muhimi, bugun davlat va jamiyatning islohotlar bilan qamrab olinmagan biron-bir jabhasi qolmadi.
Ayniqsa, davlat tuzilmalarini xalqqa xizmat qilishdek muqaddas burch va sharafli vazifani ro`yobga chiqarishga safarbar etish borasida ko`rilgan choralar ular faoliyatini ham, maqsadini ham tubdan o`zgartirib yubordi.
Tabiiyki, bu jarayonlardan prokuratura organlari ham chetda qolmadi.
Tizimimiz faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va boshqa yo`nalishlarda, bir so`z bilan aytganda, prokuraturani tom ma`nodagi “Xalq prokuraturasi”ga aylantirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar o`z samarasini bera boshladi.
Uzoq yillar davomida odamlarda jazolovchi organ sifatida tasavvur uyg`otib kelgan prokuratura tizimi har jihatdan yangi bosqichga ko`tarilmoqda. Ya`ni, u inson huquq va erkinliklarining, davlat va jamiyat manfaatlarining haqiqiy himoyachisi, qonun ustuvorligi va adolat tantanasi yo`lida faoliyat yurituvchi tizim sifatida maydonga chiqmoqda.
Buni nimalarda ko`rish mumkin?
Davlatimiz rahbari tomonidan prokuratura organlarini tubdan isloh qilish bo`yicha oldimizga qo`yilgan yangi vazifalar, jumladan o`tgan yilning 20 iyunida Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida belgilab berilgan yo`nalishlar doirasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Birinchidan, eng avvalo, tizimdagi ancha og`ir vaziyatni o`nglashga, jamoada ishchan va sog`lom muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar Konsepsiyasi ishlab chiqildi. Uning asosida birinchi galda xodimlarning 45 foizini yosh mutaxassislar tashkil etishi, biroq, ularga ish o`rgatadigan murabbiylar deyarli qolmagani hisobga olinib, so`nggi yillarda boy berilgan “ustoz - shogird” an`analarini tiklash choralari ko`rildi.
75 nafar tajriba va malakaga ega xodim xizmatga qaytarildi. Har bir tarmoq rahbarligiga shu yo`nalishning haqiqiy mutaxassislari tayinlandi.
Umuman, kadrlarni tanlash va tayinlash jarayonidagi o`ta markazlashganlik hamda sub`ektiv omillarni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko`rildi. Har bir xodimni iqtidori, salohiyati va mas`uliyatiga mos ravishda lavozimga tayinlash mexanizmi to`liq yo`lga qo`yildi.
Bundan tashqari, tizimni nopok va nomunosib xodimlardan tozalashga alohida e`tibor qaratildi va bu jarayon davom etmoqda. Bir yil davomida korrupsiyaga moyil 213 nafar, jumladan 50 dan ortiq rahbar xodim tizimdan bo`shatildi. Jinoyatga qo`l urgan 31 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi.
Ikkinchidan, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilgan holda, butun tizim to`liq elektron ish yuritishga o`tkazilib, ortiqcha qog`ozbozlikka deyarli barham berildi. Natijada tizimda har oyda faqatgina qog`ozdan qariyb
300 mln. so`m tejab qolinmoqda.
Uchinchidan, qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishning mutlaqo yangi tizimi yo`lga qo`yildi.
Mavjud 50 ga yaqin nazorat organlari faoliyati ustidan tizimli va ta`sirchan nazorat o`rnatish orqali qonuniylikni mustahkamlashga e`tibor qaratilmoqda. Nazorat organlaridan olingan axborotlar asosida eng muammoli sohalarni aniqlanmoqda va qonun buzilishi holatlari hamda tizimli kamchiliklarning asl sabablarini bartaraf etish choralari ko`rilmoqda.
Shu tartibda oliy ta`lim va sog`liqni saqlash, qurilish, qishloq xo`jaligi kabi qator sohalarda qonuniylikning ahvoli chuqur tahlil qilindi.
Yana bir muhim jihat shundaki, ijtimoiy sohada prokuror nazoratini ta`minlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam ko`rsatishga ham alohida ahamiyat berilmoqda.
Bir yil davomida tegishli idoralar bilan hamkorlikda yordamga muhtoj 100 mingga yaqin fuqaroning muammolari hal etildi. 3,8 ming nafar fuqaroning 8,1 mlrd. so`mdan ortiq ish haqi, pensiya va nafaqa pullari undirib berildi.
Ijtimoiy to`lovlarni amalga oshirishdagi suiiste`molchiliklarni bartaraf etish ham diqqat markazimizdadir.
Jumladan, nazorat tadbirlari davomida 136 ta holatda 16 mlrd. so`mdan ortiq ish haqi, nafaqa va ularga tenglashtirilgan to`lovlar uchun ajratilgan byudjet mablag`lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Qo`pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 136 ta jinoyat ishi qo`zg`atildi, 5 mlrd. so`mlikdan ortiq etkazilgan zararlar ixtiyoriy qoplandi, sudlarga qiymati 19 mlrd. so`mlikdan ziyod 4 mingga yaqin da`vo arizalari kiritildi va qariyb 14 mlrd. so`m undirildi.
Yoshlar va voyaga etmaganlar huquqlari himoyasini ta`minlash ustuvor vazifalarimizdan bo`lib qolmoqda. Birgina misol: etim va ota-ona qarovisiz qolgan 3 mingdan ziyod voyaga etmaganlar uchun javobgar shaxs yo`qligi aniqlanib, ularga vasiy va homiylar tayinlandi.
G`ayriijtimoiy xatti-harakat sodir etgan 5 ming nafardan ortiq, darslarda sababsiz qatnashmayotgan 3 mingdan ziyod bola aniqlanib, majburiyatlarini bajarmayotgan 8 mingga yaqin ota-onaning javobgarligi hal etildi.
Iqtisodiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat faoliyatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investisiyalarni jalb qilish kabi hayotiy muhim masalalarga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
2019 yilning ikkinchi yarmi va joriy yilning o`tgan davridagi nazorat tadbirlarida 7,7 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi, 29 ming nafariga muammolarini bartaraf etishda ko`maklashildi.
Prokurorlar ko`magida 25 mingta yangi tadbirkorlik sub`ekti tashkil etildi, faoliyati to`xtab qolgan 28 mingga yaqin korxona tiklandi.
Prokurorlar tashabbusi bilan 905 ta sub`ekt eksport faoliyatiga jalb etildi. 2113 ta eksportyor korxonalarning lisenziya, kredit, er va bino olish hamda boshqa masalalarga doir muammolari hal etilib, 518 tasining 92,2 mln. dollarlik qarzdorligini undirishga erishildi.
Tadbirkorlar huquqlariga rioya etmagan 925 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma`muriy javobgarlikka tortildi, 514 ta jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Investisiya dasturiga kiritilgan 1.400 taga yaqin qurilish loyihasi qayta ekspertizadan o`tkazilib, 1,5 trln. so`m byudjet mablag`lari iqtisod qilinishi ta`minlandi.
Qurilishga ajratilgan byudjet mablag`laridan maqsadli foydalanilishi bo`yicha o`tkazilgan nazorat tadbirlarida 78 mlrd. so`m talon-toroj qilinganligi aniqlanib, 320 nafardan ortiq aybdor shaxs jazoga tortildi.
Qishloq xo`jaligi sohasida qonunlar ijrosi ustidan nazorat faoliyatimizdagi ustuvor yo`nalishlardan biridir.
Nazorat tadbirlarida 22 mlrd. so`mlik don, 63 mlrd. so`mlik paxta xom-ashyosi, 3 mlrd. so`mlik mineral o`g`it, irrigasiya tadbirlari uchun ajratilgan 1,7 mlrd. so`mlik byudjet mablag`lari talon-toroj qilinganligi aniqlanib, qonuniy choralar ko`rildi.
Tahlillar, ayniqsa, erdan foydalanish sohasida turli suiiste`molchiliklar avj olganligini ko`rsatdi. O`tgan bir yilda er sotish, talon-toroj qilish bilan bog`liq holatlar yuzasidan 344 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.
Qonunbuzarliklar uchun chora qo`llash muhim, albatta. Shu bilan birga, ularning tub sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish ustuvor vazifamiz bo`lib qoladi.
Xususan, tizimli kamchiliklarni bartaraf etish haqida Prezident Administrasiyasi va Hukumatga 70 ga yaqin ziyod takliflar kiritilib, ularning aksariyati qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda o`z aksini topdi.
2019 yil va joriy yilning o`tgan davrida Bosh prokuratura tashabbusi bilan ishlab chiqilgan loyihalar asosida 41 ta qonun hujjati, jumladan11 ta qonun, Prezidentning 5 ta farmon va 6 ta qarori, Hukumatning 13 ta qaror va farmoyishlari, shuningdek 6 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Misol sifatida yaqinda muhtaram Prezidentimiz tomonidan tashabbuslarimiz qo`llab-quvvatlanib, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, shuningdek, tergov jarayonida shaxs huquqlariga qat`iy rioya etilishini, tergovning mustaqil, xolis, adolatli va qonuniy o`tkazilishini ta`minlashga qaratilgan farmonlarning imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etishni o`rinli deb bilamiz.
To`rtinchidan, joylardagi prokurorlar nafaqat qonun himoyachisi, balki sektor rahbari sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda.
Jumladan, o`tgan yili hamda joriy yilning birinchi yarmida uyma-uy yurish asosida 1,5 mln.dan ziyod xonadonlardagi muammolar hal etildi. Qariyb 58 ming nafar fuqaro ish bilan ta`minlandi.
Bosh prokuraturaga biriktirilgan Ohangaron shahri, Ohangaron va Bekobod tumanlaridagi qator ijtimoiy muammolar ham o`z echimini topdi.
Birgina Ohangaron tumanida 9 ta yangi bog`cha, 3 ta maktab va 3 ta tibbiyot muassasasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy - joyga muhtojlarga qariyb 1 mlrd. so`m boshlang`ich badallarning to`lanishi ta`minlandi. Yillar davomida e`tiborsiz qolgan “Eyvalek” mahallasida abgor ahvoldagi 18 ta ko`p qavatli uy to`liq ta`mirdan chiqarildi, istirohat bog`i, stadion va bolalar o`yingohi, zamonaviy savdo majmuasi barpo etildi.
Mo`ynoq tumanida bevosita prokuraturaning sa`y -harakatlari bilan zamonaviy o`quv markazi, kutubxona, hammom, avtostansiya, issiqxona, qishloq vrachlik punkti, qariyb 100 o`ringa va eng zamonaviy sharoitlarga ega maktabgacha ta`lim muassasasi qurilib ishga tushirildi, 10 dan ziyod yakka-yolg`izlarga alohida uylar qurilib topshirildi. Sport maydonchalari, qabriston va “Jantemir Eshon” maqbarasi to`liq ta`mirlandi.
Tumanda barpo etilgan gilam korxonasini qurishga yangicha qarashlar asosida yondashildi. Ya`ni, ushbu korxona o`nlab mo`ynoqlik yoshlar uchun nafaqat ish joyi, balki barcha qulayliklarga ega bo`lgan yashash manzili hamdir.
Shuningdek, 22 ta suv tozalovchi uskuna o`rnatilib, tuman aholisiga toza ichimlik suvi etkazildi. Jami 25 kmlik qarovsiz kanallar qayta tiklanib, 800 gektarlik ko`lga suv tortib kelindi va baliq etishtirish yo`lga qo`yildi.
Pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalar bilan ishlash prokurorlar sektorlari faoliyatining ham ustuvor yo`nalishi sifatida belgilandi.
Bugungi kunda prokurorlar sektorlaridagi 143 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama ko`mak ko`rsatish, xususan, ularni moddiy ta`minlash, a`zolarini ishga joylashtirish va tadbirkorlikkka jalb etish bo`yicha xodimlarimiz mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlika tunu kun mehnat qilmoqda.
Natijada qisqa muddatda mazkur oilalarning qariyb
47 mingtasi yoki 32 foizdan ortig`i mahalliy Kengashlar qarorlari asosida ehtiyojmandlar ro`yxatidan chiqarildi.
Beshinchidan, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida prokuror nazorati keskin kuchaytirildi.
Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va boshqa tuzilmalar bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv ishlarining kuchaytirilishi natijasida qidiruvdagi 2.459 nafar shaxs ushlandi.
Mahalla va oilalarda osoyishtalikni ta`minlash, nizo
va ziddiyatlarni bartaraf etish bo`yicha hamkor tuzilmalar bilan amalga oshirilgan ishlar samarasi o`laroq, joriy yilning 7 oyida mamlakatdagi mahallalarning qariyb 60 foizida jinoyat qayd etilmadi.
Oltinchidan, prokurorlarning sudlardagi ishtiroki qonun ustuvorligini ta`minlash, inson, davlat va jamiyat manfaatlariga hamohang ravishda samaradorlik jihatidan yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Xususan, bir yil ichida sudlarda qariyb 102 mingta ish ko`rilishida prokuror ishtiroki ta`minlandi.
Bekor qilingan sud qarorlarining 4.185 tasi yoki har uchinchisi aynan prokuror protestlari asosida qonunga muvofiqlashtirildi.
Prokurorlar tashabbusi bilan 71 nafar shaxsga oqlov hukmlari chiqarildi.
Sud amaliyotidagi mavjud bo`shliqlarni bartaraf etish maqsadida Oliy sud Plenumining 133 ta qaroriga berilgan takliflarimiz inobatga olindi.
Ettinchidan, murojaatlar bilan ishlash ham yangicha yondashuv asosida yo`lga qo`yildi.
Murojaatlar dastlab joylardagi prokuraturalarda uzil-kesil hal etilmoqda.
Ular yuqori prokuraturalarda hal etilsa, quyida echim topmaganligining sabablari o`rganilib, tegishli choralar ko`rilmoqda.
Bir yil davomida kelib tushgan 457 mingdan ortiq murojaatning 265 mingga yaqini bevosita prokuratura organlarida hal etilgani, bevosita qabulda bo`lgan qariyb 252 ming nafar fuqaroning murojaatidagi masalalar o`z echimini topgani ana shu choralar samarasidir.
Sakkizinchidan, Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan yashirin iqtisodiyotga chek qo`yish, byudjet mablag`lari talon-toroj qilinishining oldini olish choralari ko`rildi. Hamkor tuzilmalar bilan olib borilgan ishlar natijasida 2019 yilning 2-yarmi va joriy yilning o`tgan davrida 2.400 tadan ziyod ma`muriy huquqbuzarlik va 3.400 taga yaqin jinoyat fosh etildi. Xususan, 357 ta soliqdan bo`yin tovlash bilan bog`liq jinoyatlar aniqlanib, jami 1.662 mlrd. so`m qo`shimcha soliq hisoblandi va 623,7 mlrd. so`mi byudjetga undirildi.
Majburiy ijro byurosi organlari sa`y-harakatlari bilan foydalanilgan energiya resurslari uchun 2018 yilga nisbatan 2019 yilda 9 trln. so`m yoki 32 foizga ko`p mablag` undirilib, bu ko`rsatkich 37 trln. so`mni tashkil qildi. Tabiiy gazdan foydalanishdagi 41 mlrd. so`mlik talon-torojliklar aniqlanib, 33 mlrd. so`mi, qariyb 2 mln.ta ijro hujjati bo`yicha davlat foydasiga 7,3 trln. so`m undirildi.
Albatta, qilingan ishlar to`g`risida ko`p gapirish mumkin. Biroq, tizimimizni haqiqiy “Xalq prokuraturasi”ga aylantirish yo`lida hali oldimizda bartaraf etilishi lozim bo`lgan dolzarb masalalar, faoliyatimizda esa kamchiliklar ko`p.
Asosiysi, Davlatimiz rahbarining tizimimizga bildirayotgan yuksak ishonchi, fidoyi xodimlarimizga ko`rsatayotgan g`amxo`rligi biz uchun avvalo, yuksak mas`uliyat ekanligini chuqur his etamiz.
Ana shunday ishonchga, mustaqil davlatga, oliyjanob xalqimizga munosib bo`lish, uning roziligi yo`lida ishlash esa, har bir prokuratura xodimi uchun muqaddas burch va yuksak sharafdir.
Faqat halol va fidokorona mehnat, o`z manfaatlarini
el-yurt manfaatlari bilan uyg`un his etish, taqdirini Vatan taqdiri bilan bog`liq ko`rish ana shu burchni ado etishga xizmat qiladi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, keyingi paytlarda ro`yobga chiqarilgan choralar tufayli shakllanib borayotgan salohiyatli jamoamiz bunga qodirdir.
Nig`matilla Yo`ldoshev,
O`zbekiston Respublikasi
Bosh prokurori






