AsosiyJamiyat

Alisher Shadmanov yurtimizga kelgan bir guruh turkiyalik mutaxassislar bilan uchrashdi

'Alisher Shadmanov yurtimizga kelgan bir guruh turkiyalik mutaxassislar bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ayni paytda yurtimizda bo`lib turgan turkiyalik tajribali mutaxassislardan iborat tibbiy guruh bilan uchrashdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda. 

Unda Turkiya va O`zbekiston o`rtasida tibbiyot sohasida olib borilayotgan izchil hamkorlik, jumladan, ikki davlat tibbiyot xodimlarining birgalikda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasidagi tizimli sa`y-harakatlari yuqori baholandi. Jumladan  shu qisqa davrda turkiyalik mutaxassislarning uchinchi guruhi “COVID-19”ga qarshi kurashda ko`maklashish uchun etib kelgani, Turkiya tomonidan yurtimizga 50 ta zamonaviy sun`iy nafas berish apparati (IVL)ning etkazib berilishi alohida e`tirof etildi.

Shu o`rinda ta`kidlash joizki, o`tgan yil dekabr oyida yurtimizda bo`lib o`tgan sog`liqni saqlash va farmasevtika sohasida birinchi o`zbek-turk biznes forumi tashkil etilgan edi. Ushbu tadbirda har ikki mamlakat sog`liqni saqlash sohasi vakillari tomonidan qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, shoshilinch va tez tibbiy xizmat, farmasevtika, tibbiy ta`lim, onkologiya va radiologiya, gematologiya va qon quyish, pediatriya, akusherlik va ginekologiya, xususiy tibbiyot kabi qator muhim yo`nalishlarda memorandumlar imzolangan edi. Ushbu kelishuvlar sog`liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, o`zaro tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Izchil hamkorlik samarasi o`laroq yurtimizga kelgan turkiyalik shifokorlar safida anesteziolog, reanimatolog, pulmonolog, infeksionist, pediatr, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam, biotibbiyot, umumiy amaliyot, ichki kasalliklar, jamoat salomatligi bo`yicha malakali mutaxassislar jam bo`lishgani e`tiborga molik.

Uchrashuvda mehmonlar Toshkent shahridagi Viruslogiya ilmiy tekshirish instituti, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti, Toshkent viloyatidagi Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Navoiy, Farg`ona, Andijon hamda Namangan viloyatlaridagi ushbu sohaga ixtisoslashgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, kornovirusni aniqlash, nazoratga olish va bemorlarni davolashda mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda amaliy faoliyat ko`rsatishlari rejalashtirilgani ta`kidlandi.

 

    Boshqa yangiliklar