Bugun AOKA huzuridagi shtabda o`tkazilgan matbuot anjumanida Adliya vazirligi bo`lim boshlig`i Otabek Hojiniyazov «Ijtimoiy tadbirkorlik to`g`risida»gi Qonun loyihasiga izoh berdi.
Qonun loyihasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlari tushunchasi berilgan bo`lib, unga ko`ra tovarlar(xizmatlar)ni xarid qilishda yoki mehnat bozorida ish topishda qiyinchilikka duchor bo`layotgan yoxud o`zgalarning ko`magiga muhtoj shaxslar ijtimoiy zaif qatlam hisoblanadi.
️Hujjat loyihasiga ko`ra, ushbu qatlamga quyidagilar kiradi:
— I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslar, nogiron bolalar;
— etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar;
— ijtimoiy ahamiyatga molik bo`lgan kasalliklar va atrofdagilar uchun xavf tug`diradigan kasalliklar (sil, onkologik, psixiatrik, narkologik, endokrinologik, infeksion, tanosil kasalligi, OITS, moxov va kasb kasalligi)ga chalingan shaxslar;
— qaramog`ida 16 yoshga to`lmagan yoki nogironligi bo`lgan bolalari bo`lgan yolg`iz shaxslar;
— o`qishni tugatgandan keyin 3 yildan oshmagan umumiy o`rta, o`rta maxsus va kasb-hunar ta`limi muassasalari bitiruvchilari;
— «Mehribonlik» uylarining 30 yoshga etmagan bitiruvchilari;
— jazoni o`tash muassasalaridan ozod qilingan shaxslar;
— o`zgalarning parvarishiga muhtoj bo`lgan yolg`iz keksalar va yolg`iz yashovchi keksalar;
— muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslar.






