AsosiyJamiyat

Rasman: maktablarda o`qish 14 sentyabrdan boshlanadi. O`quvchilar maktabga borish yoki onlayn o`qishni tanlashi mumkin

'Rasman: maktablarda o`qish 14 sentyabrdan boshlanadi. O`quvchilar maktabga borish yoki onlayn o`qishni tanlashi mumkin'ning rasmi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 28 avgust, juma kuni umumiy o`rta ta`lim muassasalarida o`quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi o`quv yili yaqinlashgani sari barcha ota-onalarni o`qish qachon va qay tarzda boshlanishi qiziqtirmoqda. Bugungi kunda maktab o`quvchilari soni 6,2 milliondan ziyodligi inobatga olinsa, mamlakatda bu masalaga befarq oila yo`qligini aytish mumkin.

Shu bois davlat rahbari hukumatga bu borada xalq fikrini bilish, ota-onalar va muallimlar bilan maslahatlashgan holda, har tomonlama chuqur o`ylangan qaror qabul qilish bo`yicha ko`rsatma bergan edi.

Shu maqsadda Xalq ta`limi vazirligi tomonidan alohida so`rovnoma tuzilib, har bir ota-onaning fikri batafsil o`rganildi. Bu tadbirda 5 million 500 ming nafar ota-ona ishtirok etdi. Ularning 76 foizi ta`lim jarayonini maktabga qatnagan holda, ya`ni an`anaviy shaklda olib borish tarafdori bo`lgan. 24 foizi esa masofaviy shaklda — teledarslar orqali davom ettirishni ma`qul ko`rgan.

Bundan tashqari, mazkur masala yuzasidan dunyodagi vaziyat ham o`rganildi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus dunyoda koronavirus kasalligi yana ikki yilgacha davom etishi mumkinligini bildirdi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish pandemiya sababli ko`p davlatlarda to`xtab qolgan ta`lim jarayoni oqibatlari kelgusida dunyo hamjamiyati uchun o`ta og`ir bo`lishi mumkinligini aytdi.

Ta`kidlanishicha, o`qituvchilar bilan o`tkazilgan muloqotlarda maktablar ochilishi tarafdori ekanligini bildirgan.

Shu xulosalardan kelib chiqib, maktablarda ta`lim jarayonini bir vaqtning o`zida ikki xil shaklda tashkil etishga qaror qilindi. Ya`ni, aksariyat ota-onalar talabiga ko`ra an`anaviy, shu bilan birga masofaviy shaklda yo`lga qo`yiladi.

Videoselektor yig`ilishida pandemiya sharoitida ta`lim jarayonini tashkil etish bo`yicha dolzarb chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlariga maktablarni sanitar talablarga muvofiq, birlamchi vositalar bilan to`liq ta`minlash vazifasi qo`yildi. Sanitariya xizmati markazlari 5-senabrga qadar o`z hududidagi maktablarning yangi o`quv yiliga tayyorlik holatini o`rganib, jamoaga qo`shimcha o`quv-treninglar o`tadi. Bundan maqsad — maktablarga amaliy yordam ko`rsatib, ota-onalarning ko`nglini xotirjam qilish.

Mahalliy xalq deputatlari kengashlari o`z tumanidagi epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, maktablar faoliyatini yo`lga qo`yish yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.

Xalq ta`limi vazirligiga ota-onalar hamda mahalliy kengashlar takliflaridan kelib chiqib, yangi o`quv yilini 14 sentyabrdan boshlash, maktablarda harakatlar sxemasini ishlab chiqib, tajribadan o`tkazish bo`yicha topshiriq berildi.

Bu tajriba asosida o`quvchilarni maktabda kim kutib olishi, qaysi sinf qaysi eshikdan kirishi, sinfxonalarning havosi qachon almashtirilishi kabi har bir qadam aniq belgilab olinadi. Bu salkam 6 oydan buyon o`quv dargohini sog`ingan bolalarning tezroq moslashishi hamda xavfsizligida muhim o`rin tutadi.

Hozirgi sinovli davrda maktab direktori, sinf rahbari va ota-ona o`rtasidagi muloqotni har qachongidan ham kuchaytirish, uydan ta`lim oladigan o`quvchilarning o`zlashtirishini kundalik monitoring qilish lozimligi ta`kidlandi. Bu o`quvchilarning yaxshi bilim olishi, shu bilan birga sog`-salomat bo`lishini ta`minlaydi.

Videodarslarni sifatli tayyorlash, bu jarayonga davlat va nodavlat telekanallarini faol jalb etish, 3 ta telekanalda doimiy efirga uzatib borish zarurligi qayd etildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga joylarda raqamli televidenie signali va internet tezligini ta`minlash, chekka hududlardagi kommunikasiya tizimlarini to`liq testdan o`tkazish bo`yicha ko`rsatma berildi. O`quvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli «Maktab» tarif rejasi joriy etilishi aytildi.

Ta`lim muassasalaridagi tozalik va ozodalikni saqlash, sinfxonalar va atrofni dezinfeksiya qilish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Yig`ilishda qayd etilishicha, har bir maktabga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari biriktirilib, tartibni saqlash va karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. O`quvchilar sog`ligidan doimiy xabardor bo`lish maqsadida hududiy poliklinika yoki vrachlik punktlaridan kamida bir nafardan tibbiyot xodimi jalb etiladi.

Mutasaddi vazirliklarga maktablar uchun pirometr va dozatorlar xarid qilish hamda hududlarga etkazish bo`yicha topshiriqlar berildi. Viloyat hokimlari maktablarni dezinfeksiya qilish, antiseptik vositalar, tibbiy niqoblar bilan ta`minlashga mas`ul etib belgilandi.

    Boshqa yangiliklar