AsosiyJamiyat

O`quvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi joriy etiladi

'O`quvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi joriy etiladi'ning rasmi

Xabar berganimizdek, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 28 avgust, juma kuni umumiy o`rta ta`lim muassasalarida o`quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. 

Unda, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga joylarda raqamli televidenie signali va internet tezligini ta`minlash, chekka hududlardagi kommunikasiya tizimlarini to`liq testdan o`tkazish bo`yicha ko`rsatma berildi. O`quvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi joriy etilishi aytildi.    

Ta`lim muassasalaridagi tozalik va ozodalikni saqlash, sinfxonalar va atrofni dezinfeksiya qilish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Yig`ilishda qayd etilganidek, har bir maktabga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari biriktirilib, tartibni saqlash va karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. O`quvchilar sog`ligidan doimiy xabardor bo`lish maqsadida hududiy poliklinika yoki vrachlik punktlaridan kamida bir nafardan tibbiyot xodimi jalb etiladi.

Tadqiqotlar yosh bolalarda virus engil kechishini ko`rsatmoqda. Biroq o`quvchilar infeksiyaning tashuvchisiga aylanib qolishlari mumkin. Ular o`zlari bilmagan holda ustozlari yoki oila a`zolariga, ayniqsa yoshi ulug` kishilarga yuqtirishi xavfini ham inkor etib bo`lmaydi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 26 avgustdagi “Aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga asosan, pedagoglar 1 oktyabrga qadar grippga qarshi bepul emlanadi. Shu bilan birga, o`qituvchilarning mehnatini munosib rag`batlantirishga ko`rsatma berildi.

O`quv dargohlari faoliyatida xavfsizlik choralarini ko`rish, shuningdek, mahallalarda koronavirusga chalingan xonadonlarni o`z vaqtida aniqlab, maktab ma`muriyatini tezkor ogohlantirish muhimligi ta`kidlandi.

Mutasaddi vazirliklarga maktablar uchun pirometr va dozatorlar xarid qilish hamda hududlarga etkazish bo`yicha topshiriqlar berildi. Viloyat hokimlari maktablarni dezinfeksiya qilish, antiseptik vositalar, tibbiy niqoblar bilan ta`minlashga mas`ul etib belgilandi.

– Har bir rahbar o`z vazifasini chuqur his qilib, ishga sadoqat va mas`uliyat bilan yondashsa, ham tizim ishlaydi, ham xalqimizning talabini bajargan bo`lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.

    Boshqa yangiliklar