AsosiyDunyo

Xitoyning Uxan shahrida 1 sentyabrdan barcha maktablar ochiladi

'Xitoyning Uxan shahrida 1 sentyabrdan barcha maktablar ochiladi'ning rasmi

Hozirda dunyodagi eng katta muammo bo`lib turgan koronavirus pandemiyasi ilk bor Xitoyning Uxan shahrida paydo bo`lganidan xabaringiz bor, albatta. Uxan rasmiylarining xabar berishicha, shaharda 1 sentyabr seshanba kunidan boshlab barcha bolalar bog`chalari va maktablar ochiladi. Bu  haqda tarjumon yozmoqda. 

Seshanbadan kuzgi o`quv muddati boshlanar ekan Uxandagi 2842 ta ta`lim muassasasi shahardagi 1.4 million nafar o`quvchilarga o`zlarining eshiklarini ochishni rejalashtirishmoqda, deya xabar berdi Uxan hokimiyati juma kuni. Uxan universiteti esa 24 avgustdayoq o`z faoliyatini boshlagan.

Shahar ma`muriyati agar koronavirus xavfi tug`ilgudek bo`lsa, onlayn ta`lim berish uchun favqulodda rejalar ham tayyorlanib qo`yilganini aytgan. O`quvchilarga maktabga borish va kelishda yuz niqoblaridan foydalanish, imkon bo`lsa jamoat transportiga chiqmaslik tavsiya etildi.

Maktablarga kasallikni nazorat qiladigan jihozlarni shay holatga keltirish va o`quv mashg`ulotlarini boshlashdan oldin treyninglar olib borish vazifasi yuklandi. Shuningdek, maktablar o`quvchilarning sog`ligi haqidagi har kungi xabarlani sog`liqni saqlash idoralariga jo`natib turishlari kerak bo`ladi. O`zlarining ta`lim muassasalaridan chaqiruv xati olmagan talabalar va o`qituvchilarning shaharga qaytishlariga ruxsat berilmaydi.

Koronavirusning “vatani” bo`lgan Uxan yanvar oyining oxirida qat`iy karantin tufayli yopib qo`yilgan va bu holat ikki oydan ko`proq muddat davom etgandi. Uxanda koronavirusdan o`lganlar 3869 kishini tashkil qiladi va bu butun Xitoyda qayd etilgan o`lim hollarining 80 foizi demakdir.

Uxanda aprel oyida karantin bekor qilindi. Shundan keyin shahar normal hayotga qaytishni boshladi. Bu erda 18 maydan beri aholi orasida koronavirus bilan kasallanish hollari aniqlanmayapti.

    Boshqa yangiliklar