Koronavirusning jahonga tarqalish darajasi pasaymoqda. Evropada ko`rsatkichlar bahorgi darajaga qaytdi. Jami 24,5 million insonda koronavirus aniqlangan — bu umumiy hisobda dunyo aholisining 0,3 foizidan ko`prog`ini tashkil qiladi. Ularning 65,4 foizi sog`aygan. Hafta davomida tuzalganlarning soni 1,45 millionga ko`payib, 16 millionga etdi.
So`nggi 7 kun davomida dunyoda koronavirusga chalinish holatlari soni 1,8 millionga ortdi. Iyul oxiridan boshlab haftalik o`sish kuzatilmoqda. Biroq nisbatan olganda, pandemiya boshlanganidan beri bu tendensiya minimal darajaga tushdi — 7,5 foiz.
Yangi infeksiyaning shartli o`lim darajasi (yakuniysi pandemiya tugagach aniqlanishi mumkin) minimal darajani yangilab, 3,4 foizgacha tushdi. Ammo mutaxassislar bu ko`rsatkich kuzda kasallikning avj olishi ortidan yana ko`tarilishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
Etti kun davomida koronavirus sababli o`tgan haftadagi kabi qariyb 38 ming kishi vafot etdi. Umuman olganda, dunyoda ushbu yangi kasallik bilan bog`liq 832 ming o`lim holati qayd etilgan.






