IIB xodimlari shaxsni tasdiqlovchi hujjat so`raganda bir fuqaro pasportini berish o`rniga o`zini g`alati tutib, cho`ntagidan 10 ta 100 talik AQSh dollarini olib, yirtib sochib yuborgan. So`ng u xodimlar tomonidan qo`lga olib tekshirilganda, bu pullar qalbaki ekanligi aniqlangan. Bu haqda IIV xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, joriy yilning 24 avgust kuni soat 16:50 larda, Andijon viloyat IIB YXHB YPX katta inspektori E.Mamajonov va viloyat IIB JQB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan reyd davomida, Andijon tumani, Zavroq MFY hududidan o`tgan avtomobil yo`lida harakatlanib kelayotgan, Qo`rg`ontepa tumani, Turkiston MFYda yashovchi 1995 yilda tug`ilgan A.A. boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomobil YPX inspektori tomonidan to`xtatilgan.
Ushbu avtomobilda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Tuzel MFYda yashovchi 1994 yilda tug`ilgan M.M. o`zini shubhali tutganligi sababli, undan shaxsini tasdiqlovchi hujjati so`ralganda, fuqaro M.M. IIO xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan, voqea joyidan qochishga urinib, yonida bo`lgan 100 AQSh dollari kupyurasidagi 10 dona jami 1000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, yirtib, sochib yuborgan vaqtida ushlangan.
Andijon viloyati IIB EKBning 25.08.2020 yildagi xulosasiga ko`ra 1000 AQSh dollari miqdoridagi kupyuralar qalbaki ekanligi ma`lum bo`lgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






