AsosiyJamiyat

So`xlik blogerning hibsga olinishi: uning advokati va viloyat prokuraturasi izoh berdi

'So`xlik blogerning hibsga olinishi: uning advokati va viloyat prokuraturasi izoh berdi'ning rasmi

Avvalroq, iyun oyida bo`lib o`tgan Bosh vazir bilan uchrashuvda hokimni o`zgartirishni so`ragan so`xlik bloger Dadaxon Haydarovning otasi Sherali Eraliev 22 avgustdan buyon o`g`lining qaerda ekanligini bilmasligi haqida xabar berildi. Shundan so`ng, Bosh prokuratura rasmiy bayonot bilan chiqib, Farg`ona viloyati prokuraturasi tomonidan joriy yilning may oyida So`x tumanida sodir bo`lgan ommaviy tartibsizliklar va boshqa holatlar yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari yuzasidan 6 nafar shaxs, xususan, fuqaro Xaydarjon Boboxaydarov (bloger) jinoyat ishi bo`yicha gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, JPKning 226-moddasi tartibida ushlanganini ma`lum qildi. 

Ayni paytda "kun.uz" holat yuzasidan Farg`ona viloyat prokuraturasi bo`lim boshlig`i va blogerning advokati bilan suhbatlashdi

Hibs muddati sud ajrimi bilan 10 sutkaga uzaytirilgan

Farg`ona viloyat prokuraturasi bo`lim boshlig`i Alisher Boboxo`jaev holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi.

«Shu yilning may oyida So`x tumanining Chashma qishlog`ida Qirg`iziston va O`zbekiston fuqarolari o`rtasida to`qnashuv yuz bergan. Ommaviy tartibsizliklarning oldini olish va aholini tinchlantirish maqsadida hodisa joyiga etib borgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va hokimlik vakillariga O`zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan faol qarshilik ko`rsatish holatlari sodir etilgan. Mazkur holat yuzasidan Farg`ona viloyat prokuraturasi tomonidan 2020 yil 1 iyun kuni jinoyat kodeksining 219-moddasi va 244-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Tergov harakatlari davomida «Dadaxon» taxallusi bilan tanilgan Haydarjon Bobohaydarov ommaviy tartibsizliklar vaqtida faollik ko`rsatib, hokimiyat vakillariga qarshilik ko`rsatishda ishtirok etganlik holatlari bo`lgani sababli ushbu fuqaro jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Ushlab turish muddati jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudining ajrimi bilan JPKning 226-moddasi tartibida 10 sutkaga uzaytirilgan. Hozirda Haydarjon Bobohaydarovga ayb e`lon qilish bilan bog`liq holatlar tekshirilmoqda. Ushbu masala tergov harakatlari davomida hal qilinadi», – dedi Alisher Boboxo`jaev.

U gumonlanuvchining IIB xodimlari tomonidan boshiga qop kiydirib olib kelinganini rad etdi. Shuningdek, uning salomatligidan shikoyat kelib tushmaganini bildirdi.

«Bobohaydarov Haydarjon Farg`ona viloyati ichki ishlar boshqarmasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasida saqlanmoqda. Hibsxonada kuzatuv kameralari o`rnatilgan», – dedi prokuratura rasmiysi.

Advokat izohi

Haydarjon Bobohaydarovning advokati Hamidaxon Abdunazarovaning so`zlariga ko`ra, himoyasi ostidagi shaxsga nisbatan to`plangan dalillar etarli emas va hozircha unga taqdim etilmagan.

Advokat blogerning yaqinlari bilan himoyaga oid shartnoma imzolagach, 29 avgust kuni viloyat IIB huzuridagi vaqtincha saqlash hibsxonasida bo`lib, u bilan suhbatlashgan. Abdunazarova shu suhbatda olgan ma`lumotlari asosida, jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb etish to`g`risidagi qarorda ko`rsatilgan holatlar o`z tasdig`ini topmasligi, Bobohaydarov hozircha ishda faqat gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etayotgani, uning hibsga olinishi bilan bog`liq prosessual tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlarda unga nisbatan biror-bir qonun buzilishi holati yuz berganini aniqlamaganini aytmoqda.

Shuningdek, advokat blogerning hibsga olinishiga uning So`x voqealari vaqtida Bosh vazirga viloyat hokimini lavozimidan olish haqida taklif kiritganining aloqasi yo`qligini, himoyasi ostidagi shaxs boshiga qop kiydirib olib ketilgani haqida hech narsa demaganini bildirdi.

X.Abdunazarovaning qo`shimcha qilishicha, himoyasi ostidagi shaxs biror tazyiq yoki tan jarohati etkazishga oid holatlardan shikoyat qilmagan bo`lsa-da, hibsxonadagi yotoq sharoitidan noligan: unga yotishi uchun matras berilmagan. Hibsxona ma`muriyati esa buni ichki tartibga muvofiq ikki qavatli yotoqning ikkinchi qavatida yotadiganlarga matras berilmasligi, ularning sog`ligini saqlash uchun shunday yo`l tutilishi bilan izohlagan.

Prokuratura haqiqatni aniqlashga to`sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida jinoyat ishining boshqa tafsilotlari oshkor qilinmasligini aytmoqda. Kun.uz voqeaga aloqador keyingi tafsilotlarni ham berib boradi.

    Boshqa yangiliklar