Joriy yilning 29 avgust kuni soat 08:30 larda, Qashqadaryo viloyati G`uzor tumani IIB YHXB YPX inspektori Z.Pardaev G`uzor tumani “Buyum” bozori ro`parasida xizmat olib borayotgan vaqtida, ushbu ko`chadan kelayotgan “Zil” rusumli yuk avtomobilini to`xtatadi.
Uning me`yoriy hujjatlarni tekshirganda, haydovchi 1987 yilda tug`ilgan I.Dj. ushbu yuk avtomobilini boshqarish huquqini beruvchi tegishli toifa (kategoriya)si bo`lmagan haydovchilik guvohnomasi bilan boshqarib kelayotganligini aniqlagan.
Haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirib, transport vositasini vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirgan.
Shundan so`ng, haydovchi I.Dj. shu kuni G`uzor tumani IIB YHXB katta inspektori F.Sultonovning xizmat xonasiga kelib, “Zil” rusumli yuk avtomobilini jarima maydonchasidan olib chiqish evaziga 300.000 so`m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
Katta inspektor F.Sultonov mazkur holat yuzasidan viloyat IIB boshlig`i nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.
Joriy yilning 30 avgust kuni soat 15:35 larda, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro I.Dj. pora sifatida 200.000 so`m pullarni katta inspektor F.Sultonovga G`uzor tumani IIB YHXB ma`muriy binosidagi xizmat xonasida berayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi G`uzor tumani bo`limi tomonidan joriy yilning 30 avgust kuni fuqaro I.Dj.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






