AsosiyJamiyat

Toshkent shahar IIBB abiturientlardan imtihonga 1-1,5 soat oldin kelishni so`ramoqda

'Toshkent shahar IIBB abiturientlardan imtihonga 1-1,5 soat oldin kelishni so`ramoqda'ning rasmi

Ertaga, 2 sentyabrdan oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlanadi. Shu sababdan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi abiturientlarga murojaat bilan chiqdi.

Boshqarma test topshiruvchilardan belgilangan joyga imtihon boshlanishidan 1-1,5 soat oldin kelishni so`ramoqda.

“Kirish imtihonlari kuni ro`yxatdan o`tish jarayonlarini sanitariya me`yorlariga rioya qilgan holda o`tkazish uchun imtihon boshlanishidan 1-1,5 soat oldin kelishingizni so`raymiz. Eslatib o`tamiz, birinchi smenadagilarning imtihoni soat 7:30 da boshlanadi, demak abiturientlar soat 6:00 dan ro`yxatdan o`tishni boshlashlari mumkin”, deyiladi IIBB xabarida.

Ta`kidlanishicha, Davlat test markazi tomonidan abiturientlarga beriladigan bir martalik tibbiy niqoblar va qo`lqoplardan foydalanish majburiy. Shuningdek, ijtimoiy masofa saqlash qoidasini ham unutmaslik kerak, oraliq masofa uch metrdan kam bo`lmasligi zarur.

“Amaldagi sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilish bizga koronavirus infeksiyasini nazorat ostida saqlash, o`zimizning va yaqinlarimizning sog`lig`ini asrash imkoniyatini beradi. Imtihonlardan muvaffaqiyat bilan o`tishingizni tilaymiz!”, deyiladi xabarda.

Eslatib o`tamiz, imtihonlarni ikki hafta davomida o`tkazish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar