AsosiyJamiyat

Alisher Shadmanov: "Har bir mutasaddi vaziyatga ota-ona ko`zi bilan qarashi kerak"

'Alisher Shadmanov: "Har bir mutasaddi vaziyatga ota-ona ko`zi bilan qarashi kerak"'ning rasmi

Ayni kunlarda maktablarda yangi  o`quv yilini boshlash masalasi eng muhim vazifalardan biri bo`lib turibdi. Maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sinflarda ijtimoiy masofani saklash, qo`l yuvishga etarli sharoit yaratish, niqob taqishni nazorat qilish, respirator kasalliklar alomati borlarni ertalabki filtr jarayonida alohida tekshiruvdan o`tkazish, dars mobaynida aniqlangan bemorlarni izolyasiya qilish, hojatxonalarni sanitariya talablariga moslashtirish, oshxonalarda gigiena talablarini ta`minlash, surunkali kasalligi bor va nogironligi bor bolalarga alohida yondashuv singari muhim jihatlarga e`tibor berish, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Hozirda mamlakatimizda  “COVID-19”ga chalingan jami 41 994 nafar bemordan qariyb  to`rt ming   nafariga yaqinini bolalar tashkil etmoqda. Bu ko`rsatkichning aksariyat qismi  mamlakatimizda karantin e`lon qilingan  hamda xalq ta`limi muassasalari faoliyat yuritmagan davrga to`g`ri keladi.

Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov mavjud vaziyatda, eng avvalo, maktablarning zarur talablarga javob berishi o`ta muhim ekanligini ta`kidladi.  

Vazirning so`zlariga ko`ra, bu vaziyatda quyidagi omillarni hisobga olish va ularni o`quv yili boshlangunga qadar bartaraf etish zarur:

- ta`lim muassasalarining ba`zilari  ichimlik suvi bilan ta`minlanmaganligi;  

- maktab oshxonalari hamda hojatxonalarining sanitariya-gigiena talablariga to`liq  javob bermasligi;  

- maktab xamda maktabgacha ta`lim tashkilotlarida xizmat qiladigan xodimlarning va ota-onalarning xizmatdan tashqari vaqtlarida turli jamoat joylari (bozor, magazin, avtobus, qarindoshlar, qo`shnilar)da bo`lishlari;

- ushbu yoshdagi bolalarni kun davomida maktab hududida  ijtimoiy masofani saqlay olishini ta`minlash;  

- bolalarda koronavirus ko`p holatlarda engil yoki klinik belgilarsiz (simptomlarsiz) kechsa ham, ular ushbu virusning asosiy tarqatuvchilaridan biri bo`lishlari  va ular o`z oilalaridagi kattalarga, ayniqsa, xavf ostidagi guruhlardagi qarindoshlariga yuqtirishi va axoli o`rtasida kasallikni kupayishiga olib kelishi mumkinligini e`tiborga olish kerak.

Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov xalqimiz kelajagi bo`lmish yosh avlodning sog`lig`i haqida qayg`urish tibbiyot tizimi vakillarining asosiy vazifalaridan biri ekanini eslatib:

“Koronavirus bolalarda engil o`tishi bu ehtiyotkorlikni unutish degani emas. Chunki bir qator mamlakatlardagi holat buning aksini ko`rsatmoqda. Har birimizning farzandlarimiz, nabiralarimiz bor. Bolalar sog`lig`i haqida gap ketganda, ularning o`rniga o`z bolamizni qo`yib ko`raylik. Shuning uchun maktablarga biriktirilgan 10 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlaridan, pedagoglardan, mahalliy hokimiyat vakillaridan vaziyatga ota yoki ona ko`zi bilan qarashlarini so`rardim”, — deb ta`kidladi vazir.

Yangi o`quv   yili oldidan barcha  ota-onalar va pedagoglar bu jarayonga mas`uliyat bilan yondashishlarini so`raymiz. Farzandlarimiz xavfsizligiga javobgar ekanligimizni aslo unutmaylik.

    Boshqa yangiliklar