1

Qashqadaryoda maktablar qachondan ochilishi ma`lum qilindi

Jamiyat 03.09.2020, 11:14
Qashqadaryoda maktablar qachondan ochilishi ma`lum qilindi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev yana bir bor voha ahliga murojaat qildi:

"Kuni kecha eng aziz va eng ulug` bayramimiz Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Muhtaram Prezidentimizning mamlakat aholisiga yo`llagan tabriklarini barchamiz to`g`ridan-to`g`ri onlayn tarzda kuzatdik va yangicha formatda tashkil etilgan bayram tadbirlarini ishtirokchisi bo`ldik.

Muhtaram Prezidentimiz ushbu qutlug` kundagi tabriklarida yana bir bor koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq masalalar – virusning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi salbiy ta`siri, vatandoshlarimizni ushbu infeksiyadan saqlash borasidagi amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va galdagi vazifalar to`g`risida to`xtalib o`tdilar.

Muhtaram Yurtboshimiz shifokorlarning qancha urinishlariga qaramay hayotdan ko`z yumgan yurtdoshlarimizning oila a`zolari va yaqin qarindoshlariga o`zlarining hamdardliklarini bildirdilar.

Shuningdek, bemorlarni davolash jarayonida fidoyilik ko`rsatayotgan shifokorlar faoliyatiga qahramonlik deya baho berdilar.

Har bir bemorni bee`tibor qoldirmasdan, kechani kecha kunduzni kunduz demay tunni tongga tik oyoqda o`tkazib urinishlarimizga qaramay bizda ham o`lim holatlari qayd etildi. Ijozatlaringiz bilan mazkur kasallik bilan olamdan o`tgan vohadoshlarimizning oila a`zolariga o`zimni hamdardligimni bildiraman. Yaratgandan Sizlarga sabr tilayman.

Muhtaram Prezidentimiz kasallikni hali oramizda yurganini, uni ko`zga ko`rinmas balo ekanligini, eng asosiysi pandemiyaning dastlabki uch oyida, karantin talablariga maksimal darajada rioya etganimizda bizda kasallanish ham yo`qotish ham nihoyatda minimal ko`rsatkichda qayd etilganini aytib o`tdilar.

Demak, ushbu virusni yuqtirib olmaslik, uni aholi o`rtasida keng tarqalib ketishini oldini olish yo`li bitta – u ham bo`lsa sanitariya qoidalariga va saqlanib qolayotgan karantin talablariga rioya etish!   

Bugungi kunda viloyatda jami kasallanganlar 967 nafar (748 nafari (77%) erkak, 219 nafari yoki 23% ayol) bo`lib, shundan 55 nafari voyaga etmaganlar. Ularning 126 nafari (14,3%) chet el fuqarolari.

Bemorlarning 910 nafari (94%) sog`aydilar.

Kecha 1 centyabr kuni 14 nafar bemor tuzalib chiqdi.

Bemorlar to`g`risida: Bugungi kunda 45 nafar fuqaro (4,6%) stasionar sharoitda davolanmoqda (34 nafari erkak,            11 nafari ayol). Bemorlarning 3 nafarining ahvoli engil darajada, 38 nafari o`rta og`ir, 4 nafari og`ir. O`ta og`ir bemorlar yo`q. IVL apparatiga ulangan bemorlar mavjud emas.

4402 nafar fuqaro karantinga olingan (759 nafari (17%) tibbiyot muassasalarida, 3643 nafari (83%) uy sharoitida).

Karantinga olinganlar uchun 2668 nafar IIB, Milliy gvardiya, DXX, harbiylar jalb qilingan.

Biz joriy yil 25-26 avgust kunlari barcha maktablarda sinflar kesimida ota-onalar majlislarini o`tkazib, ulardan maktablar faoliyatini an`anaviy tarzda ochish yoki o`qishni onlayn tarzda davom ettirish bo`yicha so`rovnoma o`tkazdik. O`tkazilgan so`rovnomada jami 582 867 nafar (92%) ota-onalar ishtirok etdilar.

Shundan 478 280 nafar ota-ona (82%) maktablar o`z faoliyatini an`anaviy shaklda sentyabr oyidan tiklash istagini bildirgan bo`lsa, 104 587 nafar ota-ona (18%) farzandlarini onlayn tarzda o`qitish istagini bildirdilar.

Bizni xursand qilgani shuki, 536 237 nafar (97%) ota-onalarimiz farzandlarini maktablarda tibbiy niqob va antiseptik vositalardan foydalanish zarur deb hisobladilar. Fuqarolarimizni bu jarayonlarga naqadar mas`uliyat bilan yondashayotganliklarini shu ko`rsatkichni o`zidan ham bilib olishimiz mumkin.

Shunday ekan, yumshatilgan karantin cheklovlari vaqtida yanada shaxsiy himoya choralariga e`tibor qaratib, qat`iy rioya qilishni davom ettirishlaringizni so`rab qolaman" deydi hokim. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1