Haydovchilik guvohnomasi bo`lmagan yigit ekskavatorda piyodani urib yubordi. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Joriy yilning 3 sentyabr kuni soat 11:05 larda, Farg`ona viloyati, Qo`shtepa tumani hududidan o`tgan 4R-127 “Marg`ilon-Soybo`yi-Mingbuloq” avtomobil yo`lining 10-kilometrida haydovchi, 2001 yilda tug`ilgan, haydovchilik guvohnomasi bo`lmagan A.J. “HYUNDAI” rusumli ekskavatorni boshqarayotib, yo`lning chap tomonidan o`ng tomoniga kesib o`tayotgan piyoda, 1952 yilda tug`ilgan X.S.ni urib yuborgan.

Natijada, piyoda, 68 yoshli X.S. og`ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Qo`shtepa tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o`limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Barcha fuqarolardan haydovchilik guvohnomasini olmay turib, transport vositasini boshqarmasliklarini, o`zi va o`zgalar hayotini xavf ostiga qo`ymasliklarini, piyodalardan esa qoidalarga amal qilishlarini so`rab qolamiz.






