“Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamentlarini tasdiqlash to`g`risida”gi Hukumat qarori (535-son, 02.09.2020 y) qabul qilindi.
Qaror bilan Ko`chmas mulk ob`ektiga kadastr pasportini berish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko`ra, ko`chmas mulk ob`ektini kadastr hisobiga olish va kadastr yig`majildini shakllantirish natijasida ko`chmas mulk ob`ekti bo`yicha elektron shaklda kadastr pasporti rasmiylashtiriladi.
Ariza beruvchi kadastr pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o`zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro`yxatdan o`tadi.
Kadastr pasportini tayyorlash:
ko`chmas mulk ob`ektlarining turar joyga oid qismi bo`yicha quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:
ko`p kvartirali uydagi kvartira – 3 ish kunigacha;
yakka tartibdagi turar joy – 5 ish kunigacha;
(ilgari bu muddat tegishlicha 7, 10 kun edi)
ko`chmas mulk ob`ektlarining noturar joyga oid qismi bo`yicha:
umumiy maydoni 100 kv.m. gacha - 5 ish kunigacha;
umumiy maydoni 100 kv.m. dan 1000 kv.m. gacha - 7 ish kunigacha;
umumiy maydoni 1000 kv.m. dan 5000 kv.m. gacha - 10 ish kunigacha;
umumiy maydoni 5000 kv.m. dan 15000 kv.m. gacha - 15 ish kunigacha;
umumiy maydoni 15000 kv.m. dan 50000 kv.m. gacha - 20 ish kunigacha;
umumiy maydoni 50000 kv.m. dan ortiq - 25 ish kunigacha.
(ilgari bu muddat tegishlicha 10 kundan 45 kungacha bo`lgan)
Kadastr yig`majildi shakllantirilgandan so`ng kadastr pasportini berish uchun to`lov miqdori qiymati ko`rsatilgan xabarnoma (invoys) Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga elektron shaklda yuboriladi.
Ariza beruvchi xabarnomani olgandan so`ng 1 oy mobaynida to`lov qiymatini to`laydi.
Kadastr pasportini berish uchun to`lov qiymatlari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi.
Quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:
▫️ko`chmas mulk ob`ekti bo`yicha birlamchi kadastr yig`majildi (pasporti) mavjud bo`lib, begonalashtirilganda yoki ob`ektda o`zgarishlar (rekonstruksiya, qo`shimcha va aloxida qurilish) mavjud bo`lmaganda;
▫️ko`chmas mulk ob`ektining bir qismi begonalashtirilganda ob`ektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi o`zgarganda;
▫️kadastr yig`majildi (pasporti) yo`qolganda (yaroqsiz holga kelganda).
Ushbu hollarda kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.
Qog`oz shaklidagi kadastr pasporti Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali, plastik shakldagi kadastr pasporti faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.






