1

O`zbekistonda nikohlanuvchilarga qo`shfamiliyalikka ruxsat etiladi. «ZAGS»larda yana nima o`zgarmoqda?

Jamiyat 04.09.2020, 09:38
O`zbekistonda nikohlanuvchilarga qo`shfamiliyalikka ruxsat etiladi. «ZAGS»larda yana nima o`zgarmoqda?

Joriy yilning 1 aprelidan mazkur tashkilot Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o`tgach, sohada bir muncha o`zgarishlarga start berilishi kutilayotgandi.

Kuni-kecha Hukumat tomonidan FHDYo sohasiga oid yaxshilanish ishlari amalga oshirilishi belgilangan qaror tasdiqlandi. Bu haqda DXA xabar qilmoqda. 

Xo`sh, bizni nima o`zgarishlar kutmoqda?

Davlat xizmatlari agentligi o`z saflarini salohiyatli kadrlar bilan to`ldirishga harakat qiladi. Chunki sifatli va xalq ishonchini qozona oladigan xizmatlarni faqatgina vijdonli va mehnatsevar jamoa bilan erishish mumkin.

Shu bois ham, tasarrufiga FHDYo sohasini qabul qilgan DXA, birinchi navbatda tizimda faoliyat yurituvchi xodimlarni attestasiyadan o`tkazish ishlarini boshladi. E`tiborlisi, shaffoflikni ta`minlash uchun ushbu sinovlar Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan o`tkazilib, tizimda yuqori tajribali kadrlar qolishi ta`minlanadi.

Bundan tashqari, endilikda FHDYo organlarida texnik xodim bo`lib hisoblanuvchi arxivarius lavozimi tugatilib, boshqaruvchi hisoblanmish 1 va 2-toifali inspektor lavozimlari joriy etiladi. Ya`ni, sohaga tegishli ma`lumotga ega, tashabbuskor, malakali kadrlar jalb qilinadi.

Barchaga ayon, korrupsiya holatlarini oldini olish uchun, avvalambor xodimlarga munosib ish sharoitini yaratib, qilgan mehnatiga adolatli haq to`lanishi lozim. Chunki yaxshi maosh olgan xodim, vazifasini sidqidildan bajarishga harakat qiladi. So`nggina nazoratni kuchaytirish lozim. Bu borada «ZAGS» xodimlari mehnatga haq to`lash va moddiy rag`batlantirish shartlari bo`yicha Agentlikning hududiy boshqarmalari bo`limlari xodimlariga tenglashtiriladi.

Bu bilan FHDYo xodimlari oylik ish haqlari o`rta hisobda 3 baravarga oshishi, FHDYo organi mudirasi ish haqi 5,0 mln. so`mga (1,5 mln. so`m bo`lgan), 1 va 2-toifali inspektorlar ish haqi 3,2-3,5 mln. so`mga etishi (1,2-1,3 mln. so`m bo`lgan) ko`zda tutilmoqda.

Adolatni ta`minlash uchun FHDYo bo`limlari va nikoh uylari mudirlari, inspektorlari hokimliklar tizimidagi ishlagan davri ko`p yil ishlaganligi uchun ustamalar to`lash hamda martaba darajalari olishga zarur bo`lgan ish stajiga qo`shiladi. Shu bilan birga, ularga qo`yiladigan talablar ham shunga yarasha bo`ladi.

Xo`p, xodimlarga qulayliklar yaratildi, aholigachi? Aholiga nima naf?

Ushbu yo`nalishda ham ancha o`zgarishlar kutilmoqda. Misol uchun, endilikda FHDYo organlarini tug`ilish, o`lim, nikoh va ajrim to`g`risidagi gerbli guvohnomalari bilan Davlat xizmatlari agentligining buyurtmalariga asosan to`g`ridan-to`g`ri ta`minlash tartibi joriy etilmoqda.

Ya`ni, «ZAGS» va O`zbekistonning xorijdagi diplomatik missiyalariga tegishli gerbli guvohnomalar yanada tezkorroq etkaziladi.

Navbatdagi qulaylik, tug`ilganlik haqidagi guvohnomasini o`z vaqtida olmaganlar uchun qiziq bo`ladi.

Ilgari 16 yoshdan oshgan, tug`ilishi qayd etilmagan shaxslarning tug`ilganligini qayd etish faqat sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshirilar edi. Endi esa tegishli tibbiy ma`lumotnoma mavjud bo`lsa, uning tug`ilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga etgan bolaning arizasiga ko`ra FHDYo organi tomonidan qayd etiladi.

Qaror bilan, shuningdek bir qator hujjatlarni olish tartibi soddalashtirildi. Masalan, fuqarolik holatlari, jumladan, nikoh yoki tug`ilganlikni qayd etish endilikda gerbli guvohnomalar taqdim etilgandagina emas, balki, FHDYo arxivi ma`lumotnomalari asosida ham amalga oshirilishi imkonini beradi. Bu esa fuqarolarning naqdi va vaqtini tejashga xizmat qiladi.

Byurokratiya ham kamayadi!

Bola tug`ilganda beriladigan suyunchi puli, dafn marosimi uchun bir marotabalik nafaqa pullarini olish uchun ma`lumotlar endi qo`lma-qo`l fuqarolarga berilmasdan, Pensiya jamg`armasiga maxsus elektron tizim orqali to`g`ridan-to`g`ri yuboriladi.

Endilikda nikohlanuvchilarga qo`shfamiliyalikka ruxsat etiladi. Masalan, kuyov Ahmedov kelin Shuhratova bo`lsa, shunda kuyov Ahmedov-Shuhratov, kelin esa Ahmedova-Shuhratova bo`lishi mumkin.

«FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimiga kiritilayotgan ma`lumotlarning to`g`ri va aktualligi doimiy ravishda tekshirib boriladi. Buning uchun FHDYo organlari xodimlari arxivdagi mavjud hujjatlarni elektron tizimga kiritilgan ma`lumotlar bilan solishtirish orqali nazorat qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1