Bir necha soatlar ichida ijtimoiy tarmoqlarda qizg`in muhokamaga sabab bo`layotgan “qo`shfamiliyalilik” tushunchasiga Adliya vazirining Matbuot kotibi tomonidan bayonot berildi.
Avvalo, bu tushuncha bugun turli saytlar jar solayotganidek “qaynoq” yangilik emas, deydi o`z bayonotida Matbuot kotibi.
Erinmasangiz quyidagi manzil orqali O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi 387-son “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash to`g`risida”gi Qarorining 90-bandi ikkinchi xatboshisi bilan tanishib chiqish taklif etilgan.
Unda shunday yozilgan:
“Nikoh tuzilganligini qayd etishda nikohlanuvchi shaxslar o`z xohishlariga ko`ra ikkalasidan birining familiyasini umumiy familiya sifatida tanlashlari yoki o`zlarining nikohgacha bo`lgan familiyalarida qolishlari mumkin.
Nikohlanuvchilar familiyalarining qo`shilishi orqali hosil bo`lgan familiya umumiy familiya sifatida tanlanishi mumkin”.
Bu tartib ixtiyoriylikka asoslangan bo`lib, fuqarolarning erkin tanlovi asosida amalga oshiriladi.
Adliya vazirining Matbuot kotibining bergan bayonotida Davlat xizmatlari agentligining muhokamalarga sabab bo`lgan qonunchilikka kiritilgan yangi o`zgaritish haqidagi xabarida familiyalarining qo`shilishi orqali hosil bo`lgan familiya nima ekanligiga aniqlik kiritilgan, xolos.






