14 sentyabrdan boshlab Respublika umumta`lim maktablarida 2020/2021 o`quv yili boshlanadi. Bunda onlayn maktab orqali barcha sinflarning darslari berib borilishi yo`lga qo`yilsa, an`anaviy shakldagi maktablar bosqichma-bosqich vaziyatga qarab faoliyatini tiklaydi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi ma`lum qildi.
Maktablarning an`anaviy shaklda ochilishi to`g`risidagi qarorlar har bir maktab bo`yicha individual tarzda ularning haqiqiy tayyorgarligi, hududdagi yohud maktabdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, o`qituvchilar orasida koronavirus kasalligining qayd etilishi hamda sog`liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq faqatgina Mahalliy Kengash deputatlari ruxsatidan so`ng qabul qilinadi.
Respublikamizdagi barcha maktablar yuqorida sanab o`tilgan holatlardan kelib chiqib bosqichma-bosqich ochilishi ko`zda tutilgan. An`anaviy shaklda faoliyatini boshlagan maktablar to`g`risidagi ma`lumot, doimiy ravishda ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlar orqali viloyat va tuman xalq ta`limi bo`limlari tomonidan e`lon qilib boriladi.
Eslatib o`tamiz, an`anaviy shaklda faoliyatini tiklagan maktablarning o`quvchilari maktabga borishi yoki uyda qolib ta`lim olishi faqatgina ota-onalar tomonidan belgilanishi zarur. Maktab ma`muriyati tomonidan o`quvchilarni an`anaviy shaklga jalb qilish va ota-onaga bosim o`tkazish taqiqlangan.
O`z navbatida, farzandini maktabga yubormagan ota-ona farzandini masofaviy ta`lim olishini nazorat qilishi so`raladi.






