11 sentyabr kuni Samarqand shahar Amir Temur ko`chasida joylashgan, V.Elonaga tegishli 14-uy sud qaroriga ko`ra buzildi. Ammo uy egasining vakili aytishicha, ushbu bino madaniy meros ob`ekti hisoblanadi va uni buzish qonunga ziddir. Uyni buzish ishlari Madaniy meros boshqarmasining xulosasi olinmagan holda boshlangan.
"Bino egasi V.Elona esa hozirda Isroil davlatida va karantin tufayli O`zbekistonga kelolmayapti. Egasi ishtirok etmasdan mulkka nisbatan qaror chiqarish qonunga zid hisoblanadi. Qolaversa, biz hech qanday tovon pulini olganimiz ham, ko`rganimiz ham yo`q" degan vakil.
"Zarafshon" gazetasi Samarqand shahar hokimligi bosh yuristkonsulti Boboxon Toirov so`zlarini keltirishicha, Samarqand shahar hokimligining da`vosi asosida fuqarolik ishlari bo`yicha shahar sudining 2020 yil 3 iyun kuni o`tkazilgan ochiq sud majlisi qarorida Volova Elonaga 640 million 815 ming so`m tovon puli to`lash va binoni majburiy buzdirish to`g`risida hal qiluv qarori chiqarilgan.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig`i Shuhrat Qilichevning so`zlariga ko`ra, ushbu noturar joy binosi viloyat hokimining 2000 yil 14 martdagi qarori bilan madaniy meros ob`ektlari ro`yxatida qayd etilgan. Ammo ob`ekt madaniyat va sport ishlari vazirligi madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining 2010 yil 19 yanvardagi buyrug`iga (tarixiy-madaniy meros ob`ektlar ekspert komissiyasining xulosasiga) asosan madaniy meros ob`ektlar ro`yxatidan chiqarilgan. 2001 yilda Samarqand shahri tarixiy shahar sifatida YuNESKO ro`yxatiga kiritilgan. Ushbu bino madaniy meros ob`ekti hisoblanmaydi, faqat bino tarixiy shahar hududida joylashgan. Bu borada tegishli qarorlar qabul qilingan va shaharning tarixiy hududida bajariladigan qurilish-ta`mirlash ishlari tegishli tashkilotlar va YuNESKO markazi bilan kelishgan holda olib boriladi.






