Samarqandda uxlab qolgan “Lasetti” haydovchisi ikki nafar insonning o`limiga sababchi bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.
Voqea joriy yilning 13 sentyabr kuni soat 02:30 larda sodir bo`lgan. Samarqand viloyati, Oqdaryo tumani, A.Temur MFY hududidan o`tgan M-37 avtomobil yo`lining 37-kilometrida, harakatlanib ketayotgan 1989 yilda tug`ilgan B.A. “Lasetti” rusumli avtomobil haydovchisi “Buxoro-Samarqand” yo`nalishida boshqaruv vaqtida uxlab qolgan. Oqibatida, o`zi bilan bir yo`nalishda, oldinda harakatlanib ketayotgan haydovchi, 1966 yilda tug`ilgan O`.Sh. boshqaruvidagi “PAZ-742” rusumli transport vositasining orqa tomoniga borib urilgan.
Natijada, “Lasetti” rusumli avtomobil yo`lovchilari 49 yoshli A.A. va 55 yoshli B.J.lar og`ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, ushbu avtomobil haydovchisi 31 yoshli B.A. ham tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Oqdaryo tumani IIB huzuridagi TB tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma`lumot o`rnida, “Lasetti” rusumli avtomobil haydovchisi B.A. bir yil mobaynida bir marotaba qoidabuzarlik sodir etgan.
IIV YHBB barcha haydovchilardan charchoq holatida transport vositasini boshqarmasliklarini, o`zi va o`zgalar hayotini xavf ostiga qo`ymasliklarini so`ramoqda.






