Hukumat qarori bilan O`zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Nizomga ko`ra, Agentlikning qabul qilgan qarorlari davlat organlari, boshqa tashkilot va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Agentlik yuridik shaxs hisoblanib, o`z nomi yozilgan va Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g`azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga ega bo`ladi.
Agentlik tizimiga agentlikning markaziy apparati, hududiy bo`linmalari, Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti, “Yoshlar media xoldingi” AJ kiradi.
Hududiy bo`linmalar (tumanlar va shaharlar bo`limlari bundan mustasno) yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritadi.
Agentlikning asosiy vazifalaridan biri yoshlar bilan bog`liq soha va yo`nalishlarda yagona davlat siyosatini, strategik yo`nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hisoblanadi.
Eslatib o`tamiz, Yoshlar ishlari agentligi Prezidentning PF-6017-son Farmoni bilan tashkil etilgan.






