Bugun AOKAda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzaeva ishtirokida brifing o`tkazildi. Brifingda muhim savollarga javob qaytarildi.
Savol: Mahalla xodimlarining ishlari reyting tizimi orqali baholanadimi?
– O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi “Fuqarolar yig`inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi qarori asosida fuqarolar yig`inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi to`g`risidagi Nizom tasdiqlandi.
Ushbu baholash tizimiga ko`ra fuqarolar yig`inlari raislarining uchta o`rinbosari, bitta mutaxassis hamda fuqarolar yig`inidagi komissiyalarning “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan samarali faoliyati yig`indisi hisobga olinadi.
Yakunda “namunali”, “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” fuqarolar yig`inlari aniqlanib, “namunali” deb topilgan fuqarolar yig`inlarining xodimlari va jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan shaxslar moddiy rag`batlantirib boriladi.
Shuningdek, yil yakuni natijalari bo`yicha “namunali” deb topilgan fuqarolar yig`inlari xodimlari va jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan shaxslarga respublika hududidagi sanatoriylardan birida sog`ligini tiklash uchun bir marotabalik bepul yo`llanma beriladi.






