Bu haqda yuz.uz saytida berilgan xabarda ta`kidlanishicha, O`zbekistonga «qizil» hudud mamlakatlaridan kirib kelgan yo`lovchilar aeroportning uchib kelish terminalida joylashgan pasport nazorati xodimlariga COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR tahlil natijasi manfiy deb topilgan hujjatni va 14 kunlik majburiy uy karantiniga joylashish yuzasidan to`ldirilgan majburiyatnomani taqdim etishlari shart.
«Sariq» hududlardan O`zbekistonga kirib kelgan yo`lovchilar aeroportning uchib kelish terminalida pasport nazorati xodimlariga COVID-19 uchun topshirilgan PZR test natijasi manfiy deb topilgan hujjatni topshirishlari talab etiladi.
Test natijasi manfiy deb topilgan hujjat yo`lovchilarda bo`lmasa, ular aeroport terminalining kirish qismida joylashgan namunalar oluvchi joyda o`z hisoblaridan PZR test topshiradilar va 14 kunlik majburiy uy karantiniga joylashish yuzasidan majburiyatnomani to`ldiradilar.
«Yashil» mamlakatlardan O`zbekistonga kirib kelgan yo`lovchilarga nisbatan karantin tartiblari qo`llanilmaydi (kasallik alomatlari kuzatilgan yo`lovchilar bundan mustasno).






