Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Bravo” jamoasi vakili Ahmad Temirov hamda Vohidjon Isoqovlarning nikoh to`ylari tasvirlangan video va fotolavhalar tarqalayotganiga guvoh bo`lmoqdamiz. Ushbu holatlar yuzasidan Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi B.Sayfullaev o`z munosabatini bildirdi:
Albatta, yoshlarimizni yangi oila ostonasiga qadam qo`yganliklari bilan tabriklayman. Ammo koronavirus balosi hali o`z ta`sir kuchini ko`rsatib, kundan-kunga kasallanish ortib borayotgan bir vaqtda maxsus komissiya talablariga zid ravishda 30 kishidan ortiq mehmonlarni yig`ib, karantin tartib qoidalarga rioya etmaslik va oxir-oqibat yaqinlarimizning sog`lig`ini, hayotini xavf ostiga qo`yish to`g`rimi?
Tabriklash uchun kelgan o`ndan ortiq san`atkorlarimiz hamda yuzga yaqin mehmonlarning ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish nima ekanligi yodlaridan ham chiqib ketganligini tarqalgan video va fotolardan yaqqol ko`rinib turibdi.
Axmad Temirov, Vohidjon Isoqov o`rnatilgan tartibda jarimaga tortilganidan xabarimiz bor, biroq bunday xatti-harakatlar “tartib qoidalarga zid ravishda mana shunday to`y o`tkazib, belgilangan jarimani to`lab ketish bilan osongina qutulish mumkin” degan noto`g`ri xulosalar shakllanshiga sabab bo`lishi yomon. Qolaversa, bunday tadbirlar kasallik tarqalishiga olib kelmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi.
Axir xalq ko`z o`ngida yurgan, san`at olamiga daxldor odam boshqalardan ko`ra madaniyatliroq bo`lishi, kerak bo`lsa, jamiyatidagi xayrli ishlar va yangiliklarni amalga oshirishga ko`proq hissa qo`shib, yoshlarga o`rnak ko`rsatishi kerak emasmi?
Bu kabi ko`ra-bila turib tartib-qoidani mensimay buzganlar faqatgina ma`lum bir miqdorda jarima to`lash bilan qutulishi etarli emasdek, nazarimda. Jamiyat qoidalariga, insonlar hayotiga bunchalar bepisandalik bilan qarash ko`rinmas dushman bilan olishib jonlarini fido qilgan yuzlab shifokoru-harbiylarimiz, yurtdoshlarimiz xotirasi va mehnatlariga nisbatan ham hurmatsizlik deb baholashga loyiq.
Ushbu holatlar bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Senator so`rovi yuborildi va mazkur masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi tomonidan nazoratga olindi.






