Avval xabar qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 18 sentyabr kuni ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Yig`ilish avvalida davlat rahbari koronavirus bilan bog`liq vaziyat haqida gapirib, bu borada amalga oshirish lozim bo`lgan ayrim masalalarga to`xtaldi.
Kuz mavsumida shamollash ko`payishi, koronavirusga qo`shimcha boshqa kasalliklarning ortishini inobatga olib, bemorlar uchun yaratilgan zaxira o`rinlarini ko`paytirish, zarur tibbiy jihozlar va dori-darmonlar bilan ta`minlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va maktab o`qituvchilarini, 65 yoshdan oshgan keksalarni grippga qarshi emlash zarurligiga e`tibor qaratildi.






