Joriy yilning 6 fevral kuni soat 00:10 larda Qo`qon shahrida joylashgan choyxonada janjallashgan erkak bir necha kishini ov miltig`i bilan jarohatlagani haqida xabar bergan edik.
Shundan so`ng, Farg`ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ushbu janjal sabalari ma`lum qilingan edi. Ayni paytda O`zAning xabar qilishicha, Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudida 2020 yil 5 fevral kuni kechasi Qo`qon shahridagi “Shedevr” choyxonasida sodir etilgan bezorilik va odam o`ldirishga suiiqasd qilish jinoyatlari va shunga aloqador boshqa jinoyat ishlarini ko`rish boshlandi.
Bir guruh yoshlar o`rtasida ro`y bergan ommaviy to`polon o`sha paytda shov-shuvlarga sabab bo`lib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbirlar olib borildi. Voqea ishtirokchilarining barchasi qo`lga olingan.
Dastlabki tergov organi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi (badanga qasddan o`rtacha og`ir jarohat etkazish), 277-moddasi (bezorilik), 25-97-moddasi 2-qismi (javobgarlikni og`irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o`ldirishga suiqasd qilish), 248-moddasi 2 va 3- qismlari (qonunga xilof tarzda o`qotar qurolini o`tkazish va saqlash) kabi jinoyat sodir etgan jami 37 nafar shaxsga nisbatan ayb e`lon qilgan.
-Jinoyat ishi viloyat sudi binosida ochiq sud majlisida sudlanuvchilarning 29 nafar advokatlari ishtirokida ko`rilmoqda. Hozirda sudlanuvchi va jabrlanuvchilarning ko`rsatuvlari eshitilmoqda. Pandemiya sababli fuqarolarning sud majlisida ishtirok etishi cheklangan.
Shunday bo`lsada, karantin qoidalariga rioya etgan holda fuqarolarning ochiq sud majlisida ishtirok etishlari imkon darajasida ta`minlanmoqda. Keyingi sud majlislarida sudlanuvchilar bilan birga 60dan ziyod guvohlarning ko`rsatuvlari eshitiladi. Ish yuzasidan yakuniy qaror qachon chiqarilishi noma`lum, lekin qonuniy va adolatli hukm qonunda belgilangan muddatda chiqariladi, -deydi viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov.