17 sentyabr kuni soat 20:30 da haydovchi, 35 yoshli X.T., “Hyundai porter” rusumli avtomashinani boshqarib, Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan o`tgan “Guliston-Bo`ka-Angren-Qo`qon-Andijon-Osh” avtomobil yo`lida Angren shahri yo`nalishidan Toshkent shahri yo`nalishiga qarab harakatlanib borib, o`zi bilan bir yo`nalishda chapga qayrilish uchun (ruxsat etilgan joyda) to`xtab turgan haydovchi 49 yoshli B.U., ning boshqaruvidagi “T-28” rusumli traktorning tirkamasiga kelib urilgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti Axborot xizmati xabar bermoqda.
Natijada “Hyundai porter” avtomashinasining yo`lovchilari ya`ni haydovchi X.T.,ning turmush o`rtog`i 32 yoshli S.T., (ayol) tan jarohatlari olib hodisa joyida hamda voyaga etmagan 5 oylik qizi B.B., Ohangaron tuman markaziy shifoxonasining qabul bo`limiga olib kelingan vaqtda vafot etgan. Bundan tashqari, X.T., va uning o`g`illari 12 yoshli B.B., 10 yoshli U.B. va 7 yoshli X.B.,lar turli darajadagi tan jarohatlari bilan, tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o`limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan bo`lib, hozirda jinoyat ishi viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






