Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo`limi xodimlari tomonidan xorijdan olib kirilgan, bojxona to`lovlaridan imtiyoz asosida rasmiylashtirilgan transport vositalarining berilgan bojxona imtiyozlaridan maqsadli foydalanilishi bo`yicha monitoring ishlari olib borilganda, qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda O`zA xabar qiladi.
Navbatdagi tezkor tadbir davomida “Kamaz” to`xatilib, hujjatlari o`rganilganda, yuk avtomobili meva tashish uchun deb olib kirilgani, aslida “o`rindiqli tyagach” bo`lishiga qaramasdan, o`zboshimchalik bilan “samosval”, ya`ni o`zi ko`tarib tushiradigan yuk avtotransport vositasiga aylantirilib, g`isht tashilayotgani fosh bo`ldi. Natijada, 328 million so`m bojxona to`lovlari undirildi.
O`zbekiston Bojxona Kodeksining 22-moddasi “a” bandiga asosan bojxona to`lovlarini to`lash bo`yicha imtiyozlar berilgan tovar va transport vositalari foydalanilishi va tasarruf etilishi cheklangan, shartli chiqarib yuborilgan tovarlar bo`lib hisoblanadi.
Mazkur moddaning ikkinchi qismida, shartli chiqarib yuborilgan tovarlardan faqat bojxona to`lovlarini to`lash bo`yicha imtiyozlar berish shartlariga muvofiq bo`lgan maqsadda foydalanilishi mumkin.
Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, Prezidentning 2018 yil 29 martdagi “O`zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni bilan 2019 yil 1 oktyabrga qadar import bo`yicha olib kirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini tashishga ixtisoslashgan transport vositalari bojxona to`lovlari to`lashdan ozod etilgan.






