19 sentyabr kuni Adliya vazirligining navbatdan tashqari hay`at majlisida Navoiy viloyati adliya boshqarmasi faoliyatini kompleks tekshirish natijalari muhokama qilindi.
Majlisda qonunbuzilishlarga qarshi chora ko`rish, qonun ustuvorligini ta`minlash yuzasidan berilgan topshiriqlarni o`z vaqtida va to`liq ijro etish, xalq manfaati uchun ishlash har bir adliya organi va xodimining eng asosiy vazifasi ekanligi butun tizimdagi xodimlarga tushuntirilgan.
Shuningdek, Hay`at yig`ilishida hududlar bilan ishlashda yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish, hududiy adliya organlari faoliyatini jonlantirish maqsadida oktyabr oyi “Hududlar bilan ishlash oyligi” deb e`lon qilindi.
Faoliyatida qo`pol xato va kamchiliklarga yo`l qo`yganligi uchun Navoiy viloyat adliya boshqarmasi boshlig`i va qator xodimlariga intizomiy jazo chorasi belgilandi.
Xususan, 3 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi (shulardan 2 nafar tuman adliya bo`limi boshliqlari), 5 nafariga “hayfsan”, 2 nafariga esa jarima intizomiy jazo chorasi qo`llanildi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






