Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosari O`ktam Barnoev 56 yoshida koronavirus asoratlari oqibatida vafot etdi. Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov uzoq yillar viloyatlarda rahbar bo`lgan va so`nggi paytda hukumat vakili bo`lgan hamkasbini xotirladi.
Bosh vazir o`rinbosari, taniqli rahbar O`ktam Isaevich Barnoevning vafoti to`g`risidagi noxush xabar qalbimni larzaga soldi.
Yaqin kunlargacha davlatimiz rahbari g`oyalarini amalga oshirish uchun fidokorona faoliyat ko`rsatib turgan, bosh vazir o`rinbosari sifatida viloyatimizga kelib, erdan unumli foydalanish, eksportbop qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ko`paytirish, ularni saqlash, qayta ishlash, dehqonchilik madaniyatini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash bo`yicha loyihalarimizni o`rganib, sohani rivojlantirish uchun qimmatli yordam va maslahatlar bergan insonni yo`qotish oson emas. Bundan tashqari 20 yil davomida bir safda ishlash jarayonida bir-birimizdan o`rganib, yaqin do`st, maslakdosh bo`lib qolgandik.
O`ktam Barnoevning bevaqt vafoti O`zbekiston xalqi, xususan samarqandliklar uchun juda og`ir judolik bo`ldi. Negaki bu inson murakkab sharoitda Samarqand viloyati hokimi bo`lib ishlaganida bu ko`hna yurtning fidoyi, sadoqatli farzandiga aylanib ulgurgan edi. Oddiyligi, halolligi va tashabbuskorligi bilan odamlar mehrini qozondi. Viloyatda, xususan, Samarqand shahrida juda ko`p ibratli ishlarni amalga oshirdi.
O`ktam Isaevich O`zbekiston qishloq xo`jaligining chinakam bilimdoni va fidoyisi edi. U kishining tashabbusi va sa`y-harakati bilan Buxoro va Samarqandda, hatto boshqa viloyatlarda boshlangan ibratli tajribalar samarasini berayotir. Bu inson mamlakatdagi barcha rahbar xodimlar o`rtasida ham katta salohiyatga va hurmatga sazovor edi.
Men do`stim va ko`pyillik birodarim, jonkuyar hamkasbim O`ktam Isavich Barnoevning bevaqt vafoti munosabati bilan ushbu qayg`uli kunlarda barcha samarqandliklar va shaxsan o`z nomimdan marhumning oila a`zolari, qarindoshlariga, buxoroliklarga, respublika jamoatchiligiga chuqur ta`ziya izhor qilaman.
O`ktam Isaevichning nomi respublika mustaqilligini mustahkamlash yo`lida qilgan yaxshi ishlari, qoldirgan ibratli fazilatlari qatorida qalbimizda doimo abadiy yashaydi.






