AsosiyJamiyat

O`zbekistondagi OTMga kira olmaganlar xorijiy OTMga kirish uchun nima qilishi kerak?

'O`zbekistondagi OTMga kira olmaganlar xorijiy OTMga kirish uchun nima qilishi kerak?'ning rasmi

Bugun Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo`jaqulov ishtirokida brifing o`tkazildi. Unda abiturient va talabalarning muhim savollariga javob qaytarildi

❓O`zbekistondagi oliy ta`lim muassasasiga o`qishga kira olmasam, xorijiy davlatda o`qimoqchiman. Xorijiy oliy ta`lim muassasasini tanlaganda nimalarga e`tibor qaratishim lozim?

–Hozirgi paytda ayrim jismoniy shaxslar hamda konsalting xizmatlarini ko`rsatuvchi firmalar yoshlarimiz orasida xorijiy oliy ta`lim tashkilotlariga hujjat topshirish bo`yicha targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borishmoqda.

Sizga taklif etilayotgan xorijiy oliy ta`lim tashkiloti diplomining O`zbekistonda tan olinishini uchun quyidagilarga e`tibor qarating:

Avvalo, tashkilotning oliy ta`lim muassasasi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi hujjati, ya`ni lisenziyasi mavjudligiga ishonch hosil qiling;

Keyingi eng muhim talab - ta`lim muassasasi tomonidan beriladigan diplom o`zi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bog`liq. Buning uchun esa oliy ta`lim muassasasi va uning ta`lim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditasiyadan o`tkazilgan bo`lishi kerak.

Bundan tashqari, talabgor tanlagan oliy ta`lim muassasasining o`qitish shakli va ta`lim dasturlari O`zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o`rganishi kerak.

 Amaldagi «Ta`lim to`g`risida»gi qonunga ko`ra, O`zbekiston hududida rasman tan olinadigan bakalavriat bosqichi kamida 4 yil, sirtqi ta`lim kamida 5 yil, magistratura esa kamida 2 yil muddat qilib belgilangan.

Shuningdek, pandemiya vaqtida joriy etilgan karantin rejimi sababli yurtimizdagi oliy ta`lim muassasalarida ta`lim jarayonlari masofaviy shaklga o`tkazilgan. Ushbu vaziyatdan o`z manfaati yo`lida foydalanayotgan ba`zi konsalting tashkilotlari o`z reklamalarida masofadan ta`lim beruvchi xorijiy oliy ta`lim muassasalarini «diplomi O`zbekistonda to`g`ridan-to`g`ri tan olinadi» kabi asoslanmagan ma`lumotlar bilan targ`ibot qilishmoqda.

Mazkur masala bo`yicha abiturientlar yoki ularning ota-onalari o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining telegram boti (@Uztdibot)ga yoki (71) 231-07-53 raqamiga murojaat qilib, mutaxassislardan javob olishlari mumkin.  

Yuqoridagi tavsiyalarga asosan Sizga taklif qilinayotgan oliygoh haqidagi ma`lumotlarni yaxshilab o`rganib keyin qaror qabul qiling.

    Boshqa yangiliklar