Ushbu savolga bugun AOKAda bo`lib o`tgan brifingda ishtirok etgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bosh davlat mehnat huquq inspektori Gulrux Niyozmetova quyidagicha javob berdi:
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-son qaroriga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar quyidagi shartlarga qat`iy rioya etilgan holda faqat ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi va o`tkaziladi:
- umumxalq hasharini o`tkazish to`g`risida faqat O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo`lganda;
- hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat`iy rioya etilgan holda o`tkaziladi;
- hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan qurilish-ta`mirlash va qishloq xo`jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat`iy yo`l qo`yilmagan holda obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish, ish o`rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi.






