AsosiyJamiyat

O`zbekistonda bir yilda bir kun avtomobilda harakatlanish taqiqlanmoqda

'O`zbekistonda bir yilda bir kun avtomobilda harakatlanish taqiqlanmoqda'ning rasmi

Bugun, 23 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy sportni rivojlantirish va sog`lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ma`lum qilmoqda.

Muhokamaga qo`yilgan qarorga muvofiq, O`zbekistonda global pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish hamda aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanishga jalb etish orqali aholida kasallikka qarshi immun tizimini shakllantirish, kasallikdan keyingi davrda tiklash va reabilitasiya ishlarini tashkil etish hamda aholining sog`lom turmush tarzi garovi sifatida to`g`ri ovqatlanish targ`ibotini kuchaytirish maqsad qilingan.

Unga ko`ra, “Pandemiyani sport orqali engamiz!” g`oyasini o`zida mujassam etgan O`zbekiston Respublikasida 2020-2021 yillarda sport siyosatini jadallashtirish dasturi tasdiqlanadi. Shuningdek, Respublikada aholi o`rtasida ommaviy  sportni rivojlantirish va sog`lom turmush tarzini targ`ib qilishning ustuvor yo`nalishlari etib – sportning yurish, yugurish, mini futbol, velosport, badminton, voleybol, stritbol, fitnes, «Vorkout» — mahalla (ko`cha) fitnesi turlari belgilab olinishi ko`zda tutilgan va bu sport turlarining mamlakatimizning har bir hududida rivojlanishi uchun tegishli mutasaddilar mas`ul sifatida tayinlanadi.

Bundan tashqari qarorda 2021 yildan boshlab sentyabr oyining uchinchi yakshanbasi respublika bo`yicha “Avtomobilsiz kun” deb e`lon qilinadi hamda shu kuni avtomobilda harakatlanish ta`qiqlanadi.

Shuningdek, qaror bilan O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan Ommaviy sportni rivojlantirish va sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil etiladi. Jamg`arma mablag`larining shakllantirilish manbasi va uning qanday maqsadlarda sarflanishi hamda bir qator boshqa loyihalarning amalga oshirilishi bo`yicha to`liq ma`lumot bilan quyidagi havola (https://regulation.gov.uz/uz/document/22513) orqali tanishishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar