Feyk xabarlar qanday maqsadda tarqatiladi? Yoxud salbiy axborotlar qancha ko`p bo`lsa, auditoriya shuncha kengmi?
Feyk yangiliklar uzoq vaqtdan beri davom etayotgan stereotiplarni yanada jonlantiradi va millionlab odamlarning jamoatchilik fikrini shakllantirishga ta`sir qilmoqda. Xorijiy jurnalistlar axborotning qadr-qimmati, jamiyatdagi OAV haqida barcha uchun murakkab bir vaziyatda qanday fikrda? Zamonaviy axborot maydonida feyklarning o`rni qanday? O`zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi OAVda mazkur masala yuzasidan ekspert davra suhbati o`tkazdi...
FEYKLAR SO`Z ERKINLIGINI ChEKLANIShI DEB HISOBLASh MUMKINMI?
Gerxard BIRKL, (Germaniya) mashhur www.uzbekistan.online.de internet sayti bosh muharriri:
— Internetda iste`molchilar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni tobora ortib bormoqda va jurnalistlar uchun katta axborot oqimi orasidan haqiqatan ham sodir bo`lgan voqealarni noto`g`ri ma`lumotlardan topish va ajratish tobora qiyinlashib bormoqda. Jurnalistlar sodir bo`layotgan voqealarga juda tez va puxta javob berishlari hamda o`z auditoriyasini amaliy, xolis va vakolatli tarzda xabardor qilishlari kerak. Materialning mazmunini haqiqatga mos kelishi va ma`lumotlarning to`g`ri yoki noto`g`ri ekanini tekshirish kerak. “Fake News” bugungi kunda yangilik emas. Masalan, II jahon urushi davrida ham harbiy harakatlar paytida yolg`on “g`alaba” xabarlari tarqaldi, uchinchi reyxning ko`plab manipulyatsiyasi sodir bo`ldi. Polshaning nemis reyxiga hujumi haqida mutlaqo soxta ma`lumotlar bor edi o`sha davrlarda. Natija halokatli oqibatlarga olib keldi. 70 million insonni o`z domiga olib ketgan jahon urushi boshlandi.
“Fake News” ham iqtisodiyotni, biznesni maqsad qilib qo`yadi va kelajakda mahsulotni joylashtirish, bozorni aniqlash va boshqalar uchun marketing tadqiqotlarini tekshirish uchun “yangilik” sifatida shakllantiriladi. Afsuski, ko`plab OAVda asosiy qoida mavjud: qancha salbiy ma`lumotlar bo`lsa, auditoriyaga shuncha ko`proq e`tibor qaratiladi. OAV fikricha, olamshumul tafsilotlar bilan bezatilgan qisqa va lo`nda axborot ommaga tushunarli, ob`ektiv ma`lumotlarga qaraganda, omma orasida yaxshiroq va muvaffaqiyatliroq tarqaladi.
Ta`kidlash joiz, har bir jiddiy jurnalist uchun professional axloq kodeksiga rioya qilish muhim ahamiyatga ega. Germaniya matbuot Ittifoqi quyidagi matbuot vazifalarini belgilaydi:
Federal respublikaning asosiy qonunida mustahkamlangan matbuot erkinligi mustaqillik va axborot erkinligi, so`z va tanqid erkinligini o`z ichiga oladi. Noshirlar va jurnalistlar jamoatchilik oldidagi mas`uliyatdan xabardor bo`lishlari va o`z ishlarida matbuot obro`siga sodiq qolishlari kerak. Ular o`zlarining jurnalistik vazifalarini o`z bilimlari va vijdonlari darajasida, shaxsiy manfaatlar va moddiy motivlar ta`sirisiz amalga oshiradi. Publisistik prinsiplar matbuotning professional axloqini aniqlaydi. Bu Konstitusiya va konstitusiyaviy qonunlarga muvofiq matbuot tamoyillarini qo`llab-quvvatlash va matbuot erkinligini himoya qilish majburiyatini o`z ichiga oladi.
Professional axloq har bir kishi uchun matbuotga shikoyat qilish huquqini tan oladi. Agar professional axloq buzilgan bo`lsa, shikoyatlar asosli hisoblanadi. Ushbu muqaddima axloqiy me`yorlarning ajralmas qismi hisoblanadi. Biz saytimiz orqali Germaniya va O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlarda yuz berayotgan voqealarni yoritamiz. Bizning platformamizning maqsadi xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlikni yanada rivojlantirish uchun hamkorlikni yoritishdan iborat. Shiorimiz: “Halollik uzoq vaqt davomida ishonchni saqlab qoladi!”.
“YoLG`ON MA`LUMOTLARNI TARQATISh O`Z FIKRINI ERKIN IFODA ETISh HUQUQINI SUISTE`MOL QILIShDIR”
— Soxta xabarlar har qanday davlatning so`z va matbuot erkinligiga ta`sir qilishi mumkinmi?
Olga DIDENKO, Media qonunchiligi bo`yicha hududiy ekspert:
— Yolg`on ma`lumotlar, nafrat va adovat uyg`otuvchi so`zlarni tarqatish o`z fikrini erkin ifoda etish huquqini suiste`mol qilishdir. Buning uchun javobgarlik deyarli barcha mamlakatlarda ko`zda tutilgan. Odatda, qasddan bunday qiladiganlar harakatlari jamoatchilikka zarar etkazishini yaxshi tushunadi va ongli ravishda shu yo`ldan boradi. Bu jamiyat uchun tuzatib bo`lmas ziyon etkazishi mumkin bo`lgan xavfli harakatlardir. Ular kasbning etika tamoyillarini ongli ravishda buzib, o`z nufuzi va auditoriyasi ishonchiga putur etkazishadi. Qoidaga ko`ra, yolg`on xabar tarqatish uchun javobgarlik ko`zda tutilgan. Xalqaro standartlarga ko`ra, so`z erkinligi uchun jinoiy javobgarlikka tortish faqatgina istisno holatlarda, nafrat va adovat uyg`otuvchi so`zlar haqida gap ketgandagina joizdir. Xalqaro tashkilotlarning barchasi BMTga a`zo mamlakatlarni axborotni tarqatishda jinoiy javobgarlikka tortish huquqidan axborot yolg`on, atayin tarqatilgan yolg`on sifatida tasniflanayotgan bo`lsa-da, ehtiyotkorlik bilan, faqat istisno holatlardagina foydalanishga chaqiradi. Albatta, xalqaro reytinglar so`z erkinligi uchun javobgarlikka tortish milliy qonunchilikning xalqaro mezonlarga muvofiqligini baholab boradi. Jinoyat kodeksida shunday moddalar bo`lsa-yu, lekin amal qilinmasa, ularni istisno qilish bo`yicha tavsiyalar berilishi mumkin. Bunday moddalarning qonunchilikda mavjudligi ham, jinoyat ishlarining tez-tez qo`zg`atilishi ham so`z va matbuot erkinligi reytingiga ta`sir qiladi. So`z erkinligi uchun jinoiy javobgarlikka tortish, axborot tarqatganlik uchun jinoyat ishlarining ochilishi qanchalik yuqori bo`lsa, davlat reytingi shunchalik past bo`ladi.
“AHOLINING MEDIASAVODXONLIGINI OShIRISh ZARUR”
Beruniy ALIMOV, O`zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi media-treneri:
— Xalqaro va milliy ekspertlar hamda jurnalistlarning barchasi yakdil xulosa berdi. Ya`ni, yolg`on axborotning tarqatilishi bu – rejalashtirilgan va feyk xabar manbasi auditoriyani ataylab chalg`itishini nazarda tutadigan jarayon. Bunday xabar buzg`unchi xarakterga ega bo`lib, u xuddi pandemiya singari odamlarni zararlaydi va ularga salbiy ta`sir ko`rsatadi, dunyoning istalgan mamlakatidagi ijtimoiy-siyosiy hayotni izdan chiqaradi. Shu munosabat bilan, jamiyatda halol, rostgo`y, ijtimoiy mas`uliyatni his etadigan jurnalistikaning rolini kuchaytirish zarur. Afsuski, feyk xabarlar jamiyatda ma`lum bir kayfiyatlar ustunligi borasida noto`g`ri qarashlarni yuzaga keltirishda davom etib, o`quvchilarni chalg`itmoqda, siyosatchilar va g`oyalarni obro`sizlantirmoqda. Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, aholining mediasavodxonligini oshirish zarur, toki har bir o`quvchi mediamakondagi har bir matnga tanqidiy nazar tashlashni bilsin. Telekanallar, gazetalar, yangiliklar saytlari hayotimizdan chuqur joy olgani qanchalik haqiqat bo`lsa, media savodxonlik hamma uchun foydali ekani shunchalik bor gap.