Shuhrat G`aniev yangi lavozimga o`tmoqda, Farg`ona va Namanganga yangi hokimlar tayinlanadi
Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev boshqa ishga o`tishi munosabati bilan lavozimini tark etadi.
Kun.uz ma`lumotiga ko`ra, u bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimini egallaydi.
Shuhrat G`aniev hozirgacha O`zbekistondagi eng uzoq vaqt davomida bir viloyatda hokim bo`lib turgan rahbar hisoblanardi - u Farg`ona viloyatini 2011 yildan buyon boshqarib kelayotgandi.
Farg`ona viloyatiga ham yangi hokim tayinlanishi kutilmoqda. Manbalarning ma`lumotiga ko`ra, bu lavozimga 2015 yildan buyon Namangan viloyatiga rahbarlik qilib kelgan Xayrulla Bozorov tayinlanadi.
O`z navbatida, 2017-2020 yillarda Namangan shahriga hokimlik qilgan, ayni vaqtda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisi lavozimida ishlayotgan Shavkat Abdurazzoqov Namangan viloyati hokimi lavozimini egallashi kutilmoqda.
Eslatib o`tamiz, 2020 yilning fevralidan buyon bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimida ishlagan O`ktam Barnoev sentyabr oyida koronavirus oqibatlaridan vafot etdi.






