1

O`zbekiston Gimnastika federasiyasining “Universal” sport majmuasida tashkil etilgan shifoxona shifokorining video-murojaati yuzasidan IIV rasmiy munosabat bildirdi

Jamiyat 25.09.2020, 19:34
O`zbekiston Gimnastika federasiyasining “Universal” sport majmuasida tashkil etilgan shifoxona shifokorining video-murojaati yuzasidan IIV rasmiy munosabat bildirdi

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Markaziy gospitali tomonidan O`zbekiston Gimnastika federasiyasining “Universal” sport majmuasida tashkil etilgan 750 o`ringa mo`ljallangan vaqtinchalik shifoxonada faoliyat olib borayotgan shifokor Ashurova Dilafruz Davronovna 2020 yil 18 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoq orqali O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga yo`llagan video-murojaati joylashtirilgan.

Shifokor D. Ashurova tomonidan yo`llangan video murojaatda u hech qanday asoslarsiz o`zi faoliyat olib borayotgan vaqtinchalik shifoxonada bir nechta qonunchilikka zid bo`lgan xatti-harakatlar sodir etilayotganligi haqida ma`lum qilgan edi. 

IIV Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, D. Ashurova ikkinchi videolavhasida ijtimoiy tarmoqlarda noto`g`ri ma`lumot tarqatib yuborganini tan olib, mazkur vaqtinchalik shifoxonada tibbiyot xodimlari uchun oziq-ovqat, turar joy bepul tashkil etilgani, ishlab turgan vaqtida hamkasblari bilan bo`lgan suhbatlarda bunga amin bo`lganini ta`kidlagan. Shuningdek ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hamda shifoxona tashkilotchilaridan uzr so`radi, ma`lumotlari noto`g`ri bo`lganligi sabab o`z istagiga ko`ra qayta murojaat etayotgani haqida qo`shimcha qildi.    

Shuni aytish joizki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 461-son qaroriga muvofiq “Universal” sport majmuasida tashkil etilgan vaqtinchalik shifoxonada belgilangan tartibda bemorlar davolanmoqda.  

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 avgustdagi 461-son “Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga tibbiy yordam ko`rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori talablariga muvofiq, Ichki ishlar vazirligining Markaziy gospitali huzurida O`zbekiston Gimnastika federasiyasining “Universal” sport majmuasida 750 o`ringa mo`ljallangan vaqtinchalik shifoxona tashkil etildi. Mazkur vaqtinchalik shifoxona Toshkent shahar Yunusobod tumani Korxodji Ota ko`chasi 2 A-uyda joylashgan.

Vaqtinchalik shifoxonaga 2020 yil 2 sentyabr kunidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni qabul qilish boshlandi va shu kunga qadar o`z faoliyatini tunu-kun davom ettirib kelmoqda.

Vaqtinchalik shifoxonada 3 smenada ish faoliyati tashkil etilib, unda jami 427 nafar tibbiyot xodimlari ishlamoqda, shundan: 138 nafar shifokor, 154 nafar hamshira, 128 nafar kichik tibbiy hamda 7 nafar dezinfektor xodimlar faoliyat olib bormoqda.

Vaqtincha shifoxona tibbiyot xodimlari Jahon Sog`likni saqlash tashkiloti hamda O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tayyorlangan “COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo`yicha amaliy qo`llanma” (7-bayonnoma)ga muvofiq davolash ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

Vaqtinchalik shifoxonaga shu kunga qadar 5035 nafar bemor murojaat etgan bo`lib, shulardan: 1234 nafar bemorlarga tegishli tibbiy konsultasiyalar berildi, 3801 nafar bemor shifoxonaga joylashtirildi, 2979 nafar bemor sog`ligi yaxshilanganligi sababli uylariga javob berildi, ayni vaqtda esa shifoxonada 677 nafar bemor davolanmoqda.

Vaqtinchalik shifoxonada davolanayotgan bemorlar va faoliyat olib borayotgan xodimlarni ovqatlantirish, laboratoriya va diagnostika xizmatlari autsorsing xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Vaqtinchalik shifoxonani joriy saqlash, shuningdek, bemorlarni hamda jalb qilingan mutaxassis va boshqa xodimlarni oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari, niqob, dezinfeksiya vositalari va boshqa zarur anjomlar bilan ta`minlash xarajatlari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 avgustdagi 461-son qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasi mablag`lari hisobidan qoplanmoqda, deyiladi rasmiy munosabatda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1