Namangan viloyatining Chust tumanidagi 52-ixtisoslashtirilgan davlat umumiy o`rta ta`lim maktabini bu yil tamomlagan barcha o`quvchilar yoppasiga talaba bo`ldi. Bu haqda Namangan viloyat xalq ta`limi boshqarmasi Axborot xizmati ma`lum qildi.
Bu yilgi o`quv yilida, ya`ni 2019 - 2020 o`quv yilda mazkur ilm maskanini bitirgan 18 nafar o`quvchining barchasi (100 foizi) talabalar safiga qabul qilingan.
- Bu yutuq nafaqat 29 nafar maktab jamosidagi ustoz-muallimlarning yutug`i, balki bitiruvchilarning ilm-ma`rifat yo`lidagi intilishlari hamda ota-onalarning e`tibori samarasi hamdir. Bunday muvaffaqiyat bizga yanada ishtiyoq bag`ishlab, kelgusida ham barcha bitiruvchilarimiz shunday natijalarga erishishi borasida astoydil faoliyat yuritishimizga qanot bo`ladi, - deydi maktab direktori Fazliddin Qo`chqorov.
Iqtidorli yoshlarga yanada baland marralarni zabt etish yo`lida shijoat va omad tilaymiz.






