AsosiyDunyo

Braziliyadagi suv toshqini oqibatida 2 ming kishi uylarini tark etdi

Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul shtatida kuchli yomg`ir natijasida suv toshqini yuzaga keldi. Buning oqibatida 2,2 mingdan ortiq kishi uylarini tark etdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Riu-Grandi-du-Sul shtatining 12 ta hududida noqulay ob-havo sharoiti tufayli favqulodda holat e`lon qilingan. Ayniqsa Argentina chegarasidagi Urugvayana shahrida esa o`ta og`ir vaziyat  kuzatilmoqda.

26 dekabr, shanba kuni mamlakat Prezidenti Dilma Russeff suv toshqinidan zarar ko`rgan hududlarga tashrif buyurdi va tabiiy ofatdan aziyat chekkan oilalarga davlat byudjetidan mablag` ajratishga va`da berdi.

“Federal, hududiy va munisipal hukumat vakillari aholi yana tinch va farovon hayotga qaytishlari uchun birgalikda ish olib borishlari kerak. Yangi yil bayrami arafasida turganimizni inobatga olsak, biz o`ta og`ir vaziyatdamiz”, — dedi mamlakat Prezidenti.

Janubiy Amerikaning to`rtta davlati-Argentina, Paragvay, Braziliya va Urugvayda noqulay ob-havo sharoiti tufayli 160 ming kishi uylarini tark etishga majbur bo`lgan. Kuchli shamol va yomg`ir oqibatida olti kishi halok bo`lgan.

    Boshqa yangiliklar