1

Endi maktab direktori yil yakuni bo`yicha dastur ijrosi haqida mahalliy kengashda hisobot beradi - Prezident

Siyosat 01.10.2020, 00:52
Endi maktab direktori yil yakuni bo`yicha dastur ijrosi haqida mahalliy kengashda hisobot beradi - Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoev o`qituvchi va muallimlarningnufuzi va mavqeini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilashni taklif qildi. O`qituvchilar xizmat faoliyatiga aralashish javobgarlikka sabab bo`lishini qat`iy ta`kidladi:

“O`qituvchilarga ustamalar to`lash, ularni rag`batlantirish mezonlari ham to`liq qayta ko`rib chiqilishi zarur. Amalda bu masala o`ta murakkabligi va ortiqcha qog`ozbozlik talab qilishi ham haqiqat. Bunda aksariyat eskirgan qonunosti hujjatlari qayta ko`rib chiqilib, bekor qilinsa, o`ylaymanki, maqsadga muvofiq bo`ladi.

O`qituvchilarning huquqlari davlat himoyasida bo`lishini, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab bo`lishini qat`iy belgilash lozim.

Qonunda, shuningdek, maktab direktoriga qo`yiladigan talablar, uning asosiy vazifalari va faoliyatini baholash mezonlari hamda hisobot berish tartibini belgilash zarur”.

Maktab direktori lavozimini tanlov asosida, maktabni kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo`yicha eng yaxshi dasturga ega nomzod egallashi kerakligi,ular yil yakuni bo`yicha dastur ijrosi haqida mahalliy kengashda hisobot berishi, uning faoliyatiga xalq vakillari tomonidan ochiq-oydin baho berib borilishi va unga intizomiy jazo berish hamdalavozimidan ozod etish masalalari ham mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi zarurligi ta`kidlandi. Bu borada Parlament a`zolaridan mahalliy kengashlarning maktablar bilan ishlash tizimini alohida nazoratga olib, ushbu jarayonlarga yaqindan ko`mak berishlari uchun Oliy Majlis palatalariga(T.Norboeva, N.Ismoilov)ikki oy muddatda umumta`lim maktablari bilan ishlashni yanada kuchaytirish bo`yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi yuklandi.

“Kelgusi ikki yil davomida maktablarni moddiy-texnik jihatdan ta`minlash xarajatlarini 2 barobar oshirish, ularni zamonaviy jihozlar va ko`rgazma qurollari bilan to`liq ta`minlash lozim.

Afsuski, bugungi kunda tuman va shahar xalq ta`limi mudirlarining tizimdagi o`rni sezilmayapti. Ularning faoliyati asosan xo`jalik ishlarini nazorat qilish va tegishli jazo choralari qo`llashdan iborat bo`lib, ta`lim sifati bilan shug`ullanish ikkinchi darajali masalaga aylanib qolgan. Mazkur rahbarlarning tizimdagi rolini qayta ko`rib chiqish va ularning maqomini oshirishni davrning o`zi talab qilmoqda. Bundan buyon tuman xalq ta`limi bo`limi mudirlari hokimning maorif bo`yicha maslahatchisi sifatida faoliyat olib boradi va bevosita hokimlik binosida o`tiradi. Shunga mos ravishda ularga zarur vakolatlar beriladi. 

Bundan tashqari, ta`lim sohasini rivojlantirish maqsadida tuman va shaharlarda alohida jamg`arma tashkil etsak, nima deysizlar?

Jamg`arma mablag`lari ilg`or va namunali maktab rahbarlari hamda xalq ta`limi bo`limlari metodistlarini rag`batlantirishga yo`naltiriladi”, – dedi davlat rahbari.

Bu bo`yicha Vazirlar Mahkamasi (J.Qo`chqorov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bir oy muddatda ushbu jamg`armani tashkil etish va uning moliyaviy manbalarini shakllantirish bo`yicha qaror loyihasini tayyorlashlari kerakligi aytildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1