Ichki ishlar xodimining sha`nini o`rtaga tiqib, pul evaziga propiska qilib beraman deya firibgar jinoyatchilar qo`lga olindi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu holat 2020 yil 30 sentyabr sanasida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan. Voqea Kogon tumani IIB Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmasi binosi oldida sodir bo`lgan. Tumanning "Choloqi" mahallasida yashovchi 1970 yilda tug`ilgan Q.K. mahalladoshi 1982 yilda tug`ilgan U.M. bilan oldindan o`zaro jinoiy til biriktirib, fuqaro S.R. ning ishonchiga kirib olishgan.
Bu shaxslar S.R.ni aldab, Kogon tuman IIB Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmasi boshlig`i orqali S.R.ni, opasi Sh.M. yashab kelayotgan Kogon tumani "Istiqbol" mahallasida joylashgan onasi Z.b. ning egaligidagi xonadonga doimiy ro`yxatga qo`yib berishni va`da qilishgan.
Firibgarlar kimyoviy ishlov berilgan 200 AQSh dollarini olayotgan vaqtda daliliy ashyo va guvohlar ishtirokida qo`lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolar Q.K. va U.M. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






