Harbiy tavsiyanoma tasdiqlanmasligiga sabab «nol» emas Dastlab nima uchun bazaga «nol» saqlanmasligiga to`xtalsak, dasturlashda ma`lumotlar turiga qarab bazaga saqlanadi. Butun sondan iborat ma`lumotlar odatda «int» tipida saqlanadi (bunda dastlabki «nol» saqlanmaydi). Bu mazkur tipdagi yacheykaga faqat butun son yozish mumkinligini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, har xil simvollar yoki harflar yozish mumkin emas, bunday tipdagi ma`lumotlarni baza qabul qilmaydi. Bu xatoliklarni oldini olishga imkon beradi. Endi harbiy tavsiyanoma masalasiga to`xtalsak, harbiy qism qo`mondonligi tavsiyanomasiga ega abiturientlarning tavsiyanoma raqami 6 xonalik raqam bo`lib, deyarli barchasi «nol» raqami bilan boshlangan. Bu faqat tavsiyanomasi tasdiqlanmagan abiturientlarga taalluqli emas. Mana shu toifadagi tavsiyanomaga ega barcha abiturientlarda shunday. Agar, «Xushnudbek.uz» telegram kanalida e`lon qilingan ma`lumot to`g`ri bo`lganida, hech qaysi abiturientning harbiy tavsiyanomasi tasdiqlanmagan bo`lar edi. Bundan tashqari, tavsiyanomaga ega abiturientlarni tekshirib, tasdiqlash uchun mas`ul vakolatli organ (Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 468-son qarorining 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan)ga yuborilganda faqat tavsiyanoma raqami yuborilmaydi. Bunda abiturientning pasport ma`lumotlari (shaxsiy identifikasiya raqami, pasport seriyasi va raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, tug`ilgan sanasi) va tavsiyanoma bilan bog`liq ma`lumotlar yuboriladi. Mas`ul vakolatli organlar tomonidan ma`lumotlar to`g`riligi faqat tavsiyanoma raqami bilan emas, abiturientning pasport ma`lumotlari asosida tekshiriladi. Shuningdek, imtiyozga ega abiturientlar ma`lumotlarini tekshirish va tasdiqlash 2020 yilda joriy etilmagan bo`lib, oldingi yillarda ham xuddi shunday tartibda tekshirilgan. Xulosa qilib aytganda, harbiy qism qo`mondonligi tavsiyanomasi tasdiqlanmasligiga sabab, DTM bazasida «nol» tushib qolishi yoki tavsiyanoma raqami «nol» bilan boshlanishi emas. Eslatib o`tamiz, imtiyozga ega abiturientlar ma`lumotlari Davlat test markazi tomonidan mas`ul vakolatli organga yuboriladi hamda ma`lumotlarning to`g`ri ekanligi mas`ul vakolatli organlar tomonidan tekshirilib, tasdiqlanadi. Tavsiyanomasi tasdiqlanmagan abiturientlarga nisbatan imtiyoz qo`llanilmaydi. |
03.10.2020 15:43
DTM imtiyoz qo`llanmagan harbiy tavsiyanomalilar bo`yicha yana bir bor rasmiy bayonot berdi
