Qashqadaryoda “Soxta DXX” xodimi 7 yil ozodlikdan mahrum bo`ldi.Bu haqda Jinoyat ishlari bo`yicha Shahrisabz shahar sudi raisi Laziza Rasulova ma`lum qildi. Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi F.Furqatov (ism sharifi o`zgartirilgan) yoshligida maktabda a`lo baholarga o`qib, Davlat xavfsizlik xizmati xodimi bo`lishni orzu qilgan. Maktabni tugatib, oliygohga kirolmay, orzusiga etolmagan Faxriddin qing`ir yo`lni tanlaydi. U harbiy kiyim va soxta guvohnoma tayyorlab olib o`zini “DXX xodimiman” deb firibgarlik yo`liga o`tadi. O`z rejasini amalga oshirish uchun Shahrisabz shahrida uyni ijaraga olib, xonadon egasiga DXXda ishlashligini aytib, ular ishonchiga shu yo`l orqali osongina kiradi. Sodda, ishonuvchan fuqarolarni tez o`ziga og`dirib oladi. Akasining O`zbekiston va Qozog`iston Respublikalari chegarasini qo`riqlash vaqtida otishmada yaralanganligi, shuning uchun otasi undan pul so`raganligi haqida aytib, yolg`oniga ishontiradi. B.Davidovat (ism sharifi o`zgartirilgan)dan oylik maoshi kelguniga qadar 9.428.150 so`mga teng bo`lgan 1000 AQSh dollar miqdoridagi pullarini qaytarib berish sharti bilan olib, qaytarib bermaydi. Ovi baroridan kelganidan quvonib, jinoiy qilmishlarini takroran davom ettirishni boshlaydi. Shahrisabz shahri, Kitob va Nishon tumanlarida yashovchi bir necha jabrlanuvchilarni har xil firiblarni o`ylab topib, aldab pullarini o`marishda davom etgan. Xalqimizda tarbiyachini o`zi tarbiyalangan bo`lishi kerak degan naql bor. Faxriddinni shu ahvolga tushishida albatta uning ota- onasi,ta`lim - tarbiya bergan ustozlari, mahalla, yon atrofdagilari aybdor emasmi? 24 yoshli F.Furqatov sud majlisida, DXX xodimi bo`lishni orzu qilgani, adashib jinoyat yo`liga kirganini, qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchilardan olgan pullarini qaytarib berishi haqida bayon qilgan. Jinoyat ishlari bo`yicha Shahrisabz shahar sudida ushbu holat ko`rib chiqilib, jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar qoplanmaganligi va ularning da`vosi borligi inobatga olinib, F. Furqatovga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shu o`rinda bir savol tug`iladi, odamlar nega DXX xodimiman desa, surishtirmay-netmay, pullarini ishonib berib qo`yishadi? Soddaligidanmi yoki huquqiy bilimlari etishmasligidanmi yoxud sudlanuvchilarning aktyorlik mahoratidanmi? Nima bo`lganda ham Sizlarni “firibgarlardan ehtiyot bo`ling, jinoyatning jabrlanuvchisi bo`lib qolmang” deb qolamiz.
|
15.10.2020 22:16
Qashqadaryoda soxta dxx xodimi 7 yil ozodlikdan mahrum bo`ldi
