AsosiyJamiyat

Rasul Kusherbaevning keyingi sudlarga mutlaqo tashrif buyurmaganligi hayratlanarli — “UzAutoMotors” keskin chiqish qildi

'Rasul Kusherbaevning keyingi sudlarga mutlaqo tashrif buyurmaganligi hayratlanarli — “UzAutoMotors” keskin chiqish qildi'ning rasmi

Sal avval xabar qilinganidek, bugun 16 oktyabr kuni, Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJ va O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi o`rtasida navbatdagi sud bo`lib o`tdi.  

Ayni paytda “UzAuto Motors” AJ avtomobil ishlab chiqaruvchisi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi o`rtasidagi sud atrofida ro`y berayotgan ommaviy bahs-munozaraning konstruktiv o`zanga tushishiga umid qiladi. Kompaniya uchinchi shaxslarning ziddiyat ruhidagi chaqiriqlarini mutlaqo nomaqbul deb hisoblaydi, zero gap ikkita tashkilot o`rtasidagi madaniyat va o`zaro hurmatga asoslangan muloqot haqida bormoqda, deya rasmiy bayonot bilan chiqmoqda “UzAuto Motors” AJ yuridik boshqaruvi rahbari Rustam Shaymardonov .

“Bugun MQKQ maxsus komissiyasining qarorini bekor deb tan olish to`g`risidagi kompaniyamiz da`vosi bo`yicha sudning uchinchi majlisi o`tkazildi. Tinglovlar javobgarning argumentlari zaif ekanligini tasdiqladi va bu kutilgan holat edi. Biz uchun kutilmagan hol esa, jarayonga, ko`rinishidan reyting to`plash va jamoatchilik kayfiyatini sun`iy ravishda buzishga urinayotgan partiya faollarining navbatdagi ommaviy aralashuvi bo`ldi.

Deputat Kusherbaev o`z intervyusida uning UzAuto Motorsga qarshi kurashidan maqsad avtomobillar importiga qo`yilgan bojxona to`lovlarini pasaytirish ekanligini e`lon qildi. Ehtimol, bu hurmatli Rasul Xidiralievichni hayron qoldirar, lekin bojxona to`lovlari stavkasini aslo bizning kompaniyamiz belgilamaydi. Aksincha – 2018 yilda yangilangan kompaniya rahbariyati o`tgan muddat davomida korxonaning bu omilga bog`liqligini bartaraf etish uchun qo`ldan kelgan barcha choralarni ko`rdi. Ikki yildan ziyodroq vaqt davomida turli xil imtiyozlar, preferensiyalardan voz kechish, shuningdek ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo`yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Balki bugungi yangilik ham bizning bardavom opponentimiz e`tiboridan chetda qolmagandir: 2019 yilda UzAuto Motorsning sof foydasi 2,6 trillion so`mga etdi. Holbuki, 2016 – 2017 yillarda gap 4,8 trillion so`m zarar haqida borardi. Biroq, deputat Kusherbaev va uning ayrim hamkasblari, yaqqol faktlarni inkor qilib, zavodga davlat tomonidan berilayotgan afsonaviy subsidiyalar haqida ta`kidlaydilar. Voqelik butkul o`zgacha: UzAuto Motors g`aznaga trillionlab soliq-u dividendlar to`laydi, respublikadagi eng yirik soliq to`lovchilaridan biri sanaladi. Hatto karantin davrida, ko`plab tashkilotlar davlatdan yordam so`ragan bir paytda, biz byudjetdan bir tiyin ham olmadik, shuningdek har bir ishchi o`rnini saqlab qoldik. Nima bo`lganda ham, bojxona bojlari stavkasi – bu kompaniyamiz jamoasining emas, balki parlament a`zolarining ishlaridir, shu sababli deputatning alangali da`volari avvalo o`zlariga qaratilishi lozim.

Keyin Rasul Xidiralievich kompaniyamizni “har qanday ishga ta`sir ko`rsatish uchun etarlicha kuchli” deya e`lon qildi. Agar gap bizda dalillar bazasi kuchliligi va yuridik mavqeimiz ham puxtaroq ekanligi haqida bo`lsa, biz buni kutilmagan, lekin yoqimli maqtov o`laroq qabul qilamiz. Ammo deputat o`z so`zlariga o`zgacha, lobbizm va sud jarayonlari ishtirokchilari o`rtasidagi noqonuniy munosabatlarga daxldor ma`no berayotgan bo`lsa, men u insonga fikrlarini aniqroq ifodalashni tavsiya qilardim, toki har bir so`ziga huquqiy jihatdan qat`iy baho berish imkoni bo`lsin.  

Intervyuda yana aytilganki, “kompaniya asossiz ravishda narxlarni oshirgan”. Vaholanki, hozirgi ommaviy munozara jarayoni butunligicha ushbu da`voning bahsli ekanligi atrofida qurilmaganmi? Hurmatli sud uni tasdiqlash yoki rad etishga intilmayaptimi? Shunday ekan, sud qarori chiqquniga qadar o`z tasavvurlarini haqiqat deya taqdim etish qanchalik to`g`ri? Boz ustiga, kimlardir buni oliy qonunchilik hokimiyati vakilining sud hokimiyatiga bosim o`tkazishga urinishi deb tushunishi mumkin.

Butun intervyuning leytmotivi deputat “UzAuto Motorsga qarshi kurashda to`xtash niyatida emasligi”ni e`lon qilishdan iborat. Bu holda, bosma, elektron OAV va telekanallar katta qiziqish bildirgan birinchi sud majlisiga kelgan Rasul Xidiralievichning keyingi tinglovlarga mutlaqo tashrif buyurmaganligi hayratlanarlidir. Zero, jarayonni o`z ko`zi bilan ko`rganda, u ayrim tasavvurlarini o`zgartirgan bo`larmidi", deyiladi bayonotda.

Mavzuga doir:

Deputat: Monopolistlarimizning “bezbetlarcha” katta-katta mablag`larga ega bo`layotganligi asablarni tarang qilmoqda

"Kompaniya siz ishlab chiqqan qonunlarga tayansa, nega endi ta`na aynan siz tomondan yangramoqda?" “O`zavtomotors” Kusherbaevga munosabat bildirdi

Men Siz haqingizda ko`pchilikka ma`lum haqiqatni aytaveraman: Siz baribir monopol va nomard ishtirokchi sifatida qolaverasiz — Kusherbaev yana "O`zavtomotors"ga

Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisiga engil avtomobillar narxini oshirilishi bo`yicha deputatlik so`rovi yuborildi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi "O`zavtomotors" AJga nisbatan raqobat qonunchiligi talablari buzilganligi uchun ish qo`zg`atdi

    Boshqa yangiliklar