Avval xabar bergnimizdek, joriy yilning 2 oktyabr sanasida Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha sud ishi boshlangan edi. Kecha, 16 oktyabr sanasida ushbu sudning 3 yig`ilishi bo`lib o`tdi. Ayni paytda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi UzAuto Motors’ni davlat organiga nisbatan axloqiy me`yorlardan chiqmagan holda mulohaza yuritishga chaqirmoqda.
"Shuni alohida ta`kidlash kerakki, shu vaqtga qadar Qo`mita sud jarayoni tafsilotlariga hech qanday izoh bermay kelayotgan edi, chunki “UzAutoMotors” AJ tomonidan keltirilgan har qanday da`vo va shikoyatlariga Qo`mitaning ekspertlari tomonidan bevosita ish ko`rilish jarayonida javob berib kelinmoqda.
Biroq, “UzAutoMotors” vakillari hali yopilmagan sud ishi tafsilotlariga o`zlarining rasmiy munosabatlarini (https://uzzoom.uz/posts/527-uzauto-motors-monopoliyaga-qarsi-kurasis-qmitasining-davolariga-zavob-berdi) bildirib, hissiyotga berilgan holda ochiqchasiga Davlat organi xodimlarini noprofessional va malakasizlikda ayblamoqda. Jumladan (https://t.me/uzautomotorscom/1320): “...tekshiruvga jalb etgan ekspertlarning salohiyatsizligi mijozlar bazamizning bir qismining ko`ngli sovishiga olib kelganligidan afsusdamiz...”
Sud yig`ilishining 3-kuni ham bundan mustasno bo`lmadi. Xususan, AJ tomonidan quyidagilar e`lon qilindi (https://uzautomotors.com/articles/rasmiy_bayonot_uzauto): “...Tinglovlar javobgarning argumentlari zaif ekanligini tasdiqladi va bu kutilgan holat edi...”.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi ushbu masala bo`yicha quyidagilarni ma`lum qiladi:
“UzAutoMotors” AJning iltimosnomasiga ko`ra, navbatdagi sud ishi yopiq ko`rilgani uchun, Qo`mita qonunni buzmagan holda, jarayon davomida tomonlar o`rtasida bo`lib o`tgan barcha tortishuv va qarama-qarshiliklar tafsilotlarini oshkor eta olmaydi. Ammo Qo`mita “UzAutoMotors” AJ tomonidan, Maxsus komissiya qaroriga nisbatan qarshi keltirilgan dalillar etarli darajada asoslanmaganligini ishonch bilan e`lon qiladi! Shu bilan birga, sudda "ayblanuvchining dalillari zaifligi" tasdiqlanmagan. Eslatib o`tamiz, sud jarayoni keyingi haftaning juma kuniga qoldirildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi, "UzAutoMotors" AJni Davlat organiga nisbatan ahloqiy me`yorlardan chiqmagan holda mulohaza yuritishga chorlaydi", - deyiladi qo`mita xabarida.
Mavzuga doir:






