O`zbekiston Respublikasi fuqarosi Fazliddin Qurbonov AQShning Aydaxo shtatida terrorchilik tashkilotini qo`llab-quvvatlaganlikda va portlovchi moslamalarni saqlaganlikda ayblanib, 25 yil qamoq jazosiga mahkum etildi. Bu haqda AQSh adliya vazirligi ma`lumotlariga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Fazliddin Qurbonov ‘O`zbekiston islom harakati’ni moliyaviy qo`llab-quvvatlagani va portlovchi moslama yasashda foydalaniladigan uskunalar sotib olgani uchun qamoq jazosiga tortildi. Portlovchi moslama Amerika hududida terakt sodir etish maqsadida saqlangan”, — dedi AQSh bosh prokuraturasining milliy xavfsizlik bo`yicha yordamchisi Jon Karlin.
33 yoshli Qurbonov 2015 yilning avgust oyila sud tomonidan aybdor deb topilgan edi. U qamoq jazosini o`tab bo`lgach, O`zbekistonga deport qilinishi ta`kidlanmoqda.
Fazliddin Qurbonov 2013 yilda FQB tomonidan hibsga olingan edi. Federal qidiruv byurosi tomonidan aniqlanishicha, Fazliddin Skype dasturi orqali “O`zbekiston islom harakati” tashkiloti a`zolari bilan muloqot qilgan.
“O`zbekiston islom harakati” bir qator davlatlarda, jumladan O`zbekiston, AQSh va Rossiyada taqiqlangan terrorchilik guruhi hisoblanadi.





